Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: real sharoitga mos, o‘lchash va baholash imkoni bor ko‘rsatkichlar hujjatga kiritildi
10:32 / 2026-02-24

2026-yil 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Mazkur farmon bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi va unda 100 ta maqsad hamda ularga erishish bo‘yicha 437 ta samaradorlik ko‘rsatkichi belgilandi, avvalgisida 444 ta edi. Shundan 102 ta ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qoldirilib, 95 tasi yangi tahrirda berildi va 240 ta yangi ko‘rsatkich kiritildi.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining eng muhim jihatlari nimada? Qayd etish joizki, strategik rejalar avvalo davlatimiz rahbari ta’kidlagan yangi vazifa va yuqori marralardan kelib chiqib belgilandi. Buning muhim jihati, real sharoitga mos, o‘lchash va baholash imkoni bor ko‘rsatkichlar e’tiborga olinib, hujjatga kiritildi.

Unda qayd etilgan ko‘rsatkichlar esa 2030-yilgacha yilma-yil amalga oshiriladi. Strategiyada har bir vazirlik va idora o‘z o‘rnini topdi, jumladan, 60 ga yaqin davlat organlariga tegishli vazifalar qo‘yilib, har bir samaradorlik ko‘rsatkichining moliyaviy manbasi aniq ko‘rsatildi.

Abdulla ABDUQODIROV, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori birinchi o‘rinbosari:

– 2017-yildan buyon davlat boshqaruviga ma’lum bir tizimni kiritishga harakat qilyapmiz va uning asosiy yo‘nalishlaridan biri, bu strategik boshqaruv, – deya fikrini boshladi Abdulla Abduqodirov. – Bu nimasi bilan muhim? Buni avvalo qadriyatlar masalasi bilan bog‘lagan bo‘lar edim. Har bir jamiyat avvalo o‘z qadriyatini aniqlashi kerak va unga erishish yo‘lidagi harakatlarni o‘z hukumatidan kutishi kerak. Demak, bu orqali jamiyat bilan davlat o‘rtasida muloqot shakllanadi. Nega muloqot, deydigan bo‘lsak, davlat jamiyatdan qanday talablar ilgari surilyapti, qanday ehtiyojlar paydo bo‘lyapti, shuni kuzatib borishi hamda bilishi kerak. 

Muloqotning natijasi esa murosa bo‘ladi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga esa aynan jamiyat bilan davlat o‘rtasidagi kelishuv, shartnoma, deb qarashimiz lozim. Bu – jamiyat ehtiyojlarini o‘zida jamlagan, davlat tomonidan qabul qilingan va besh yillik istiqbolga qaratilgan dasturdir.  Bunda aniqlik mavjud, ya’ni yillar kesimida yo‘nalishlar bilan bog‘liq erishilishi lozim bo‘lgan maqsadlar bor. Bu ko‘rsatkichlarga erishish masalalarini jamiyat kuzatib borishi lozim.  

Darhaqiqat, farmonda Strategiya bajarilishini nazorat qilish choralari ham aniq belgilangan. Jumladan, unga ko‘ra, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish barcha darajadagi vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalarining eng ustuvor vazifasi hisoblanadi, bu bo‘yicha ularning birinchi rahbarlariga shaxsiy mas’uliyat yuklanadi.

Soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha strategik rejalashtirish hujjatlari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishga qaratilgan holda ishlab chiqiladi.

Har yili O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirishda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari inobatga olinadi.

Farmonga asosan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzildi. Bu komissiya Strategiyaning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi. 

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda “Yuksalish” harakati bilan birgalikda Strategiya maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilishi ustidan monitoring yuritadi. 

Monitoring natijalari asosida har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Respublika komissiyasiga axborot kiritib boriladi. Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot taqdim qiladi. Strategiyadagi vazifalarni vaqtida va sifatli bajargan tashkilotlarning rahbar va xodimlari rag‘batlantirib boriladi.

Umuman aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizning o‘rta muddatga mo‘ljallangan taraqqiyot yo‘lini belgilab berdi. U xalqimizni umumiy maqsad atrofida jipslashtirib, har bir inson hayotida namoyon bo‘ladi. Bu esa aholi farovonligini ta’minlashda navbatdagi muhim hujjat vazifasii bajaradi.

O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV

yozib oldi.