O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining “Mamlakatning 2030 yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 26 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yilgan edi. Bu mamlakatimiz taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqich boshlanayotganidan dalolat beradi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish, inson kapitalini rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. 2023 yilda qabul qilingan ushbu strategik hujjat qisqa vaqt ichida o‘z samarasini ko‘rsatib, iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik va xalqaro nufuzni mustahkamlashda muhim natijalarni ta’minladi.
Xususan, kambag‘allik va ishsizlik darajasining sezilarli pasayishi, YAIM, eksport va investitsiyalar hajmining oshishi, ta’lim qamrovi kengayishi — barchasi amaliy islohotlar samarasining yaqqol isboti ekanligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, YAIM hajmini 160 mlrd. dollarga yetkazish bo‘yicha avval 2030 yilga qaratilgan maqsadga 2026 yilning o‘zida erishish kutilayotgani strategiyaning real va pragmatik asosda ishlab chiqilganini ko‘rsatadi. Kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini 240 mlrd. dollardan oshirish imkoniyati mavjudligi haqidagi baho esa O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiy siyosatda aniq hisob-kitob, ochiqlik va uzluksiz islohotlar ustuvor ekanini anglatadi.

Shu bilan birga, aholi sonining o‘sishi, global iqtisodiy jarayonlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivoji “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilashni taqozo etmoqda. Unda 350 dan ortiq mutasaddi idora va ilmiy markaz vakillari ishtirokida 444 ta samaradorlik ko‘rsatkichi qayta ko‘rib chiqilishi, 60 ga yaqin davlat organlarining aniq mas’uliyati belgilab qo‘yilishi strategiya ijrosida tizimli va shaxsiy javobgarlikni kuchaytiradi.
Fraksiya a’zolari yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, inson kapitalini rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan mustahkam dastur bo‘lib xizmat qilishini e’tirof etdi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning deputatlari ushbu strategiyani takomillashtirish jarayonida faol ishtirok etib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy erkinlikni kengaytirish va xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha aniq takliflar bilan chiqishi qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA