«O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida muhim va dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadlar belgilandi. Ulardan biri – Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirishdir.
Shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni qabul qilindi.
– 2023 yil 19 dekabrda kuchga kirgan konstitutsiyaviy qonun bilan Saylov kodeksiga hamda bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov. – Saylov kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Qonunchilik palatasi saylovi aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkaziladi.
Endilikda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratiladi. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (nomzodlar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanadi.
Yagona saylov okrugida deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlar ro‘yxati asosida taqdim etiladi.
Saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etadi.
Qonunda partiya ro‘yxatini ro‘yxatga olish muddatlari va tartibi, partiya ro‘yxatidan deputatlikka nomzodni chiqarish, partiya ro‘yxati asosida shakllantirilgan va bo‘shab qolgan Qonunchilik palatasi deputatlari o‘rnini to‘ldirishga doir normalar belgilandi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov natijalarini aniqlash va deputatlik o‘rinlarini taqsimlash tartibi belgilandi.
Markaziy saylov komissiyasi a’zolari soni to‘qqiz nafar, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘ladi. Markaziy saylov komissiyasining raisi besh yillik muddatga saylanadi va ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasining, hududiy saylov komissiyalarining, okrug va uchastka saylov komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirildi. Tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar joriy etildi.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi: referendum tashkil etish va o‘tkazishda referendum okruglarini tuzish tartibi bekor qilindi. Mazkur vazifa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Markaziy saylov komissiyasiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilash, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish uchun ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda ekspert guruhini tuzish vakolatlari berildi. Tuman, shahar saylov komissiyalarining hamda uchastka saylov komissiyalarining vakolatlari belgilandi. O‘zbekiston hududida joylashgan referendum uchastkalarida ovoz berish qutilarini soat 20:00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Markaziy saylov komissiyasining ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qarori ustidan Oliy sudga shikoyat qilish muddati referendum yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan besh kunga qisqartirildi. Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirok etish tartibi belgilandi.
Mazkur konstitutsiyaviy qonun parlament hamda mahalliy vakillik organlarining faoliyatida siyosiy partiyalarning rolini yanada kengaytirdi. Endilikda deputatlar va senatorlarning parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatidagi mas’uliyati va faolligi oshadi. Markaziy saylov komissiyasi faoliyati takomillashtirildi hamda uning hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirildi.
Shu bilan bir qatorda, Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA