Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi: milliy taraqqiyotning yangi bosqichi
16:24 / 2026-01-13

So‘nggi yillarda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ydi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bugun o‘z mevalarini bermoqda.

Jumladan, so‘nggi ikki yil davomida kambag‘allik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga tushdi. Yalpi ichki mahsulot hajmi 107,5 milliard dollardan 140 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 17,1 milliard dollardan 42 milliard dollarga (qariyb 2,5 baravarga) oshdi. Ishsizlik darajasi 6,8 foizdan 4,9 foizga kamaydi. Mazkur natijalarga erishishda 2023 yil 11 sentyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi dasturilamal hujjat bo‘lib xizmat qildi.

Shu bilan bir qatorda shiddat bilan o‘zgarayotgan global siyosiy va iqtisodiy vaziyat, texnologiyalar transformatsiyasi hamda ichki demografik o‘sish mamlakat oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish va uni keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtirish zarurligini qayd etib o‘tgan edi.

Mazkur tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida 2025 yilning 30 dekabr kuni yangi tahrirdagi Strategiya loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – Strategiyani «maqsad – harakat – natija» zanjiri asosida takomillashtirish, yangi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda uni umumjahon tendensiyalari va global chaqiriqlarga uyg‘unlashtirishdir.

Shu o‘rinda «Nima uchun strategiyani aynan hozir yangilash kerak?» degan haqli savol tug‘iladi. Fikrimizcha, buning bir nechta asosiy sabablari bor. Xususan, muhokamaga qo‘yilgan yangi tahrirdagi Strategiya loyihasida qayd etilganidek, jahon bozorlaridagi tebranishlar, ta’minot zanjirlarining uzilishi va energiya bozorlaridagi transformatsiya yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Shu bilan bir qatorda 2030 yilga kelib mamlakat aholisi 41 millionga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu uy-joy, ish o‘rinlari va ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshiradi.

Yana bir omil – raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarini rivojlantirmasdan turib, global raqobatda munosib o‘rin egallash imkonsiz.

Yangilanayotgan Strategiyaning bosh g‘oyasi – «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyilini hayotga to‘liq tatbiq etishdan iborat. Shu bilan birga, islohotlar ijrosini nazorat qilish uchun mutlaqo yangi, raqamlashgan tizim joriy etilmoqda. Endilikda har bir maqsadning bajarilishi maxsus Raqamli platformada (Dashboard) aks etadi. Ushbu tizim mas’uliyatni oshirishga va «qo‘l boshqaruvi»dan tizimli boshqaruvga o‘tishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat shundaki, har yili O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirishda Strategiya maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari bevosita inobatga olinadi.

Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida yaratilayotgan «MyStrategy-2030» mobil ilovasi fuqarolarga islohotlar jarayonini bevosita kuzatish va o‘z takliflarini bildirish imkonini beradi. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigini mustahkamlaydi.

Xulosa qilib aytganda, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirishning yangi bosqichi – bu nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘sish dinamikasini ta’minlashga, balki har bir fuqaroning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan milliy loyihadir. Mazkur Strategiyaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekistonning 2030 yilga borib daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilishini hamda mamlakatda adolatli ijtimoiy tizim barpo etilishini kafolatlaydi.

Timur Ahmedov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim rahbari