O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, "O‘zbekiston - 2030" strategiyasining to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tashkil etish, ushbu jarayonda mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika komissiyasiga yuklanadi.
"O‘zbekiston - 2030" strategiyasi amalga oshirilishi ustidan nazorat quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Adliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishdoirasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa chora-tadbirlar dasturlari o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini nazorat qiladi;
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi "Taraqqiyot strategiyasi" markazi va "Yuksalish" harakati bilan birgalikda "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilishi ustidan monitoring yuritadi;
Respublika komissiyasi "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qiladi, zaruratga ko‘ra ushbu masalalarni Vazirlar Mahkamasi Rayosati yig‘ilishlarining kun tartibiga kiritib boradi; Vazirlar Mahkamasi "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi amalga oshirilishining har oyda Bosh vazir o‘rinbosarlari ishtirokida tanqidiy ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi. Bunda "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishmagan vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
"O‘zbekistan - 2030" strategiyasi maqsadlari bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari tegishli samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishga bir vaqtning o‘zida asosiy va teng kuchli ijrochilar hisoblanadi.
"O‘zbekiston - 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilishi ustidan monitoring Agentlik tomonidan yuritiladigan Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi.
Raqamli platformada "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilishi holati quyidagi toifalarga ajratiladi:
a) "yashil" - belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichiga o‘z vaqtida va to‘liq erishilgan;
b) "sarq" - belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishda kechikishlar mavjud, biroq ularni bartaraf etish imkoni bor;
v) "qizil" - samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishda jiddiy kechikishlar mavjud yoki ularga umuman erishilmagan. Bunda:
"yashil" toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga mas’ul idoralar rag‘batlantiriladi;
"sariq" toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda mavjud kechikishlar sabablari tahlil qilinadi hamda ularni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoraga zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar beriladi;
"qizil" toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga mas’ul idoralar faoliyati Vazirlar Mahkamasi Rayosatida tanqidiy ko‘rib chiqiladi.
O‘zA