Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasi: YAIM hajmini 240 milliard dollarga yetkazish belgilanmoqda (+video)
18:22 / 2026-01-15

Bugun “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasining “2030 yilga qadar iqtisodiyotni rivojlantirishning zamonaviy modelini shakllantirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va bank tizimida islohotlarni jadallashtirish” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Markaziy bank mas’ullari, mutaxassislar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Markaziy bankning loyiha ofisi rahbari Bahrom Jo‘rayev, Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Ibrohim Qosimxo‘jaev va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida erishilgan ulkan natijalar va yangi ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur ustuvor vazifalar “O‘zbekiston-2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda mutaxassislar “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasi va undan kutilayotgan natijalarga keng urg‘u berdi.  

[gallery-27147]

Iqtisodiyot va moliya vazirligining Strategik rejalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va loyihalarni samarali joylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Qosimxo‘jaev qayd etganidek, yangilanayotgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravarga oshirish hamda O‘zbekistonni “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiritish maqsad qilingan.  

– Mazkur loyihaning samaradorlik ko‘rsatkichlari doirasida yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga daromadni 5 ming dollardan oshirish hamda davlat qarzining YAIMga nisbatini 50 foizdan oshirmaslik vazifalari belgilangan. Strategiya loyihada shu kabi qator yo‘nalishlar maqsadlar o‘z ifodasini topadi, – dedi I.Qosimxo‘jayev.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i Sardor Temirov “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish hamda qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish ko‘zda tutilganini ta’kidlab o‘tdi.

 – Strategiya doirasida asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar hajmining yillik o‘rtacha 5-7 foiz atrofida o‘sishini ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini dollar hisobida yillik o‘rtacha 7 foizga oshirish belgilangan. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda umumiy qiymati 150 milliard dollar bo‘lgan 400 dan ziyod strategik ahamiyatga ega texnologik va infratuzilmaviy investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Ushbu tadbirda shu kabi galdagi rejalarni keng jamoatchilikka yetkazish ushbu muhokamaning asosiy maqsadidir, – dedi S.Temirov.

Matbuot anjumanida bank tizimida islohotlarni jadallashtirish, bank xizmatlari bozori hajmini kengaytirish hamda sohada raqobatni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Unga ko‘ra, 2030 yilga borib yillik inflyatsiyani 5-6 foiz darajasida barqarorlashtirish, bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini 720 trillion so‘mga yetkazish, tijorat banklari depozitlari qoldig‘ini 560 trillion so‘mgacha oshirish hamda davlat banklari aktivlarining jami bank tizimi aktivlaridagi ulushini 55 foizgacha kamaytirish vazifalari qo‘yilgan.

Matbuot anjumani yakunida mas’ullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vO7lmA5GlQw" title="“O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasi: YAIM hajmini 240 milliard dollarga yetkazish belgilanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA