Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi: davlat boshqaruvi tizimi samarali mexanizmga aylantiriladi
17:00 / 2026-01-22

Munosabat

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ijobiy samara bermoqda. Shu bilan birga, jamiyat hayotida yangi vazifalar va ehtiyojlar shakllanib bormoqda. Ana shu jarayonlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini mavjud real sharoitlar, aholi ehtiyojlari hamda jadal o‘zgarib borayotgan global jarayonlarni inobatga olgan holda yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadi mamlakatning o‘rta muddatli rivojlanish yo‘nalishlarini aholi ehtiyojlariga moslashtirish, shuningdek, davlat idoralari faoliyatini xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan, natijaga asoslangan va hisobdor tizim asosida izchil davom ettirishdan iborat. 

Yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida davlat boshqaruvi tizimini aholi manfaatlariga xizmat qiladigan, ochiq, raqamlashgan va samarali mexanizmga aylantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Strategiya loyihasida davlat xizmatlari, raqamli infratuzilma va jamoatchilik nazoratini rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsad va ko‘rsatkichlar belgilangan. 

Strategiyada davlat xizmatlarini transformatsiya qilish masalasi markaziy o‘rin tutadi. Xususan, kompozit va proaktiv xizmatlarni joriy etish orqali aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish ko‘zda tutilgan. Kompozit xizmatlar fuqarolarga bir masala bo‘yicha bir nechta davlat xizmatlarini yagona paket asosida taqdim etishni nazarda tutib, turli idoralarga alohida murojaat qilish zaruratini kamaytiradi. Proaktiv xizmatlar esa davlat xizmatlarini fuqaroning murojaatisiz, oldindan aniqlangan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda avtomatik tarzda taklif etish orqali davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni yanada soddalashtirishga xizmat qiladi.

 Bu kabi xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali fuqarolarning davlat organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlarini kamaytirish va xizmatlarni avtomatik tarzda taqdim etish maqsad qilingan. Agar amaldagi strategiyada bunday xizmatlar sonini qirqtaga yetkazish belgilangan bo‘lsa, yangi tahrirda ushbu ko‘rsatkichni to‘rt yuztagacha oshirish ko‘zda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, ma’lumotlar bazalari o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish va davlat xizmatlarini inson omilidan mustaqil holda ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligini oshirishda ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish muhim yo‘nalish sifatida belgilangan. Amaldagi strategiyada uch yuzga yaqin tartib-taomil soddalashtirilgan bo‘lsa, loyiha doirasida bu ko‘rsatkich 500 ga yaqin tartib-taomilni qamrab olishi rejalashtirilgan. Bu esa xizmatlarni ko‘rsatish muddatlarini qisqartirish, davlat organlaridagi takrorlanuvchi jarayonlarni bartaraf etish va fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun ma’muriy yukni kamaytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish, aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etish maqsadida murojaatlarning kamida 80 foizini mahalliy darajada qanoatlantirish belgilab qo‘yilgan. Bu, eng avvalo, fuqarolarni qiynayotgan masalalarni joyida hal etish imkonini beradi. Natijada murojaatlarni yuqori tashkilotlarga chiqarmasdan, mahalla, tuman yoki shahar darajasida yechim topish amaliyoti kengayadi. Bu esa xalq va davlat o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aholining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. “Xalq nazorati” portali orqali jamoatchilik nazoratini har bir hududda yuz foiz joriy etish aholining mahalliy muammolar bo‘yicha murojaat va takliflarini raqamli tarzda yuborish, shuningdek, ularning ko‘rib chiqilishi ustidan nazoratni ta’minlash imkonini beradi. Bu mexanizm davlat organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni institutsional darajada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangilanayotgan tahriri xizmatlar sifatini oshirish, ma’muriy jarayonlarni optimallashtirish va aholi bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro aloqani yangi bosqichga olib chiqish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Unda belgilangan aniq maqsadlar va o‘lchovli ko‘rsatkichlar strategiyaning amaliy hamda natijaga yo‘naltirilgan xususiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Inobat XAKIMOVA,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

bosh mutaxassisi.

O‘zA