Buxoroda “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli hamda o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputatlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, kotibiyat mudirlari, tibbiyot, xalq ta’limi va boshqa sohalar mutasaddilari, nodavlat-notijorat tashkilotlarning rahbarlari, siyosiy partiyalarning mas’ullari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, unda 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad nazarda tutilganligi ishtirokchilarga yetkazildi.
Aniqroq aytganda, mazkur strategiyaning 5 ta ustuvor yo‘nalishi qiyosiy olib qaraganda, jami 44 ta maqsadi har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoit yaratish, 17 ta maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, 12 ta maqsadi suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, 16 ta maqsadi qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, 11 ta maqsadi mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirishga qaratilgan.
–Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib takliflar olishdan iborat, –deydi “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Hamza Ro‘ziyev. – Olingan takliflarni regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz va 2030.strategy.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirishdir.
Muhokamada viloyat hokimining o‘rinbosari Feruza Ibragimova, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Hamza Ro‘ziyev, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Halim Rajabzoda, viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ixtiyor Abdulhakov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Mirshod Ochilov va boshqalar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi 100 ta maqsadni, xususan, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, respublika hududining yashillik darajasini 30 foizga yetkazish kabi qator ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Strategiyada belgilanayotgan maqsad va vazifalar, Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydi.
Strategiya loyihasida suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, barcha ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga, ichki sug‘orish tarmoqlarining 50 foizini yopiq quvurli sug‘orish tizimlariga o‘tkazish chora-tadbiri ko‘riladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish va sug‘oriladigan maydonning har bir gektariga beriladigan suv hajmini 20 foizga kamaytirish orqali suvning mahsuldorligi oshiriladi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash orqali 1 metr kub hajmdagi suv bilan sug‘orilgan yer maydonidan 3,7 dollar miqdorida daromad olishga erishiladi.
[gallery-13184]
Suvdan samarali foydalanishda zamonaviy boshqaruv tizimining ham o‘rni beqiyos. Shu bois 2030 yilgacha kamida 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilish, irrigatsiya sohasiga xususiy sektorni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy qilish hisobiga xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsad qilingan.
Umuman, jamoatchilik eshituvida bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqqan holda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati, ayniqsa, mas’ul idoralar tomonidan yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi va nazoratini olib borish yuzasidan yig‘ilganlarga tushuntirishlar berildi.
Yakunda Yangi O‘zbekiston – 2030 strategiyasi ijrosini ta’minlashda barcha birdek mas’ul ekanligi va belgilangan maqsadlarga bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirish orqaligina erishish mumkinligi haqida xulosa qilindi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA