Bugungi kunda biologik xilma-xillikni saqlab qolish atrof-muhitni muhofaza qilish siyosatida ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda. “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida tabiiy ekotizimlarni asrash, nodir o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Sohadagi qabul qilinayotgan hujjatlar yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashgan pitomniklar va plantatsiyalarni davlat hisobiga olish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Shuningdek, biologik xilma-xillikka oid yana qator normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, hukumatga kiritilgan.
Flora va fauna ob’ektlarini hisobga olish va ularning holatini baholash bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Mamlakat bo‘ylab 80 ta pitomnikning ma’lumotlari qayta ko‘rib chiqildi, 85 tur hayvon hamda 70 tur o‘simlik bo‘yicha davlat reyestri shakllantirildi.
Yashil hududlarni raqamlashtirish jarayonida 605 mingdan ortiq daraxt elektron pasportga ega bo‘lib, yagona axborot tizimiga kiritildi. Bu esa tabiiy resurslardan foydalanish ustidan monitoringni samarali olib borish imkonini bermoqda.
Amaliy chora-tadbirlar doirasida nodir turlarni tabiiy muhitga qayta joylashtirish ishlari ham bajarildi.
Xususan, Qizil kitobga kiritilgan hubora qushining 4 mingdan ortiq individumi hamda turli jinsga mansub 150 ta hayvon yovvoyi tabiat qo‘yniga qaytarildi. Shu bilan birga, 25 ming gektar yer maydonida dorivor ahamiyatga ega yovvoyi o‘simliklarni yetishtirish uchun madaniy plantatsiyalar barpo etildi. Bu tabiatga bo‘lgan inson bosimini kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro ekologik maydondagi faol ishtiroki Samarqand shahrida o‘tkazilgan CITES konvensiyasi tomonlarining 20-yig‘ilishida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Ushbu xalqaro anjuman yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarni muhofaza qilish va ular savdosini tartibga solish bo‘yicha global masalalar muhokamasi uchun muhim platformaga aylandi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining navbatdagi — oltinchi nashrini tayyorlash ishlari jadal olib borilmoqda. Mutaxassislar va olimlar tomonidan o‘tkazilayotgan tadqiqotlar asosida ayrim turlarni ro‘yxatga kiritish yoki chiqarish bo‘yicha ilmiy xulosalar tayyorlanmoqda.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan ishlar biologik xilma-xillikni muhofaza qilishda yangi, tizimli va uzoq muddatli yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi. “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasidagi bu sa’y-harakatlar mamlakatning tabiiy boyliklarini asrash va ekologik muvozanatni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA