Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi bo‘yicha makroiqtisodiy islohotlar muhokama qilindi
18:01 / 2024-03-13

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida joriy yil hukumat tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan asosiy makroiqtisodiy islohotlar muhokamasiga e’tibor qaratdi. Xususan, unda energetika, transport, telekommunikatsiya tarmoqlarini isloh qilish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. 

Shuningdek, uchrashuv chog‘ida Jahon banki guruhi va O‘zbekiston o‘rtasidagi 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan sheriklik dasturini amalga oshirishda erishilgan yutuqlar qayd etildi. Mazkur dasturning maqsadi mamlakatga aniq ijtimoiy-iqtisodiy natijalarga erishish, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, xususiy sektorni kengaytirish, inson kapitalini rivojlantirish va “yashil” iqtisodiyotni shakllantirishda ko‘maklashishga qaratilgani bilan muhim hisoblanadi. 

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ikki tomon hamkorligida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalar soni ortib bormoqda. Yaqinda tasdiqlangan O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish loyihasi ham shular jumlasidan. 

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish va mamlakat fuqarolari farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish doirasida faol muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi. 

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA