Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "O‘zbekiston –2030" strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan "Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!" mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Shahnoza Joldasova kelgusi 7 yilda mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining tuzilishi, maqsadlari haqida gapirdi. Yig‘ilganlar strategiyaning yoshlarga oid qismlarini alohida tushuntirdi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, unda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan.
Davra suhbati ma’ruzachilari nutqidan so‘ng muhokama vaqtida turli yutuqlarga erishgan yoshlar o‘zlarining qiziqarli savollari hamda taklif-tashabbuslari bilan mas’ullarga murojaat qildi.

Tadbir yakunida masofaviy ishtirok etayotgan respublikamizning har bir hududidan Yoshlar parlamenti a’zolari, yoshlar yetakchilari, partiya faollari barcha yoshlarni ushbu jarayonlarda faol bo‘lishga chorlashdi.

Fuqarolar loyihalarning muhokamasida faol ishtirok etib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan takliflarni regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallariga yuborishlari mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA