Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – 2030”: ijtimoiy himoya tizimi inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan
09:46 / 2024-02-13

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish bizning asosiy vazifamizdir.

Davlatimiz rahbarining qaysi chiqishlarini olib qaramaylik,  ularning  barchasida alohida g‘amxo‘rlik bilan tilga olinadigan masala bu – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan.  

Haqiqatan, keyingi yillarda qabul qilingan ijtimoiy himoyaga qaratilgan hujjatlarning aksariyatida yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish, bolalar va yoshlarni, xotin-qizlar va nuroniylarni, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilgan. Ijtimoiy sohalar rivojini mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan choralar belgilangan.    

O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar bilan ta’minlangan aholi soni 2023 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, 4,4 milliondan ziyodni tashkil etib, bundan  3,2 millioni yoshga doir pensiyalar hisoblanadi. 430,2 ming fuqaro nogironligi bor pensioner sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. 232,1 ming oila  boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya va 623,7 ming kishi esa nafaqa oluvchi shaxslarni tashkil etadi.  

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ijtimoiy himoya masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur hujjatda aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish asosiy g‘oyalardan biri etib belgilangan.  

Strategiyada 2030 yilgacha erishiladigan birinchi maqsad – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan. Unda 2030 yilgacha ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlarini o‘tkazishga oid jami yettita banddan iborat vazifalar belgilangan.  

Ushbu vazifalar jumlasiga professional ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni joriy etish hamda ular uchun qulay va maqbul muhitni yaratish, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish kiritilgan.  

Professional ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishda ijtimoiy himoya qilish tizimi bilan muhtojlarning barchasi to‘liq qamrab olinadi. Buning uchun esa ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi yaratildi.  

Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida har yili bir  milliondan ortiq nuroniy uchun tarixiy shaharlar, qadimiy obidalar, ziyoratgohlar va yurtimizning so‘lim go‘shalariga sayohatlar tashkil etilmoqda. Endilikda nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar qamrovi kamida 30 foizgacha oshiriladi.    

Mehnatga layoqatli aholini, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning barqaror va samarali bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish ko‘zda tutilgan. Homiladorlik va tug‘ish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, ish beruvchi yuridik shaxs tugatilganda va tugatilayotgan korxonaning to‘lovlar uchun mablag‘lari mavjud bo‘lmagan hollarda ishdan bo‘shatish nafaqalari, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibatidagi sug‘urta to‘lovlarini kafolatlangan ijtimoiy sug‘urta tizimi orqali amalga oshirish tashkil etiladi.  

Xulosa sifatida shuni qayd etish lozimki, bu vazifalarning ijrosini ta’minlash orqali aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ijtimoiy himoya tizimi yaratiladi.  

Ammo ularning ijrosini ta’minlash faqatgina Hukumatning zimmasida emas, balki har birimizning, bu rahbar bo‘ladimi, xizmatchi bo‘ladimi, oddiy fuqaro bo‘ladimi, o‘zimizning majburiyatlarimizga vijdonan yondashib, mas’uliyatni his qilib o‘z vaqtida, o‘z o‘rnida bajarishimizga bog‘liq.  

Xurshida Burxonxo‘jayeva,

yuridik fanlar nomzodi.

O‘zA