“O‘zbekiston-2030” strategiyasining yangilangan loyihasi 350 dan ortiq davlat organlari va ilmiy markazlar takliflari asosida takomillashtirildi. Ushbu loyiha avvalgisidan aniq natijadorligi va raqamlashtirilgan mezonlari bilan tubdan farq qiladi.
Xususan, hujjatdan baholab bo‘lmaydigan 130 umumiy shior va vazifalar chiqarib tashlandi. Endilikda har bir maqsad “inson qadri uchun” tamoyili asosida yillar kesimida taqsimlangan bo‘lib, 60 ga yaqin vazirlik va idoralar faoliyati alohida samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholanishi belgilandi.
Bu Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.
Majlisda strategik maqsadlarni hududiy darajada amalga oshirishning uzviy davomi sifatida Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish hamda Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.

Samarqand shahrini “millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turarjoy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda.
Chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayib, yangi investitsiya va qurilish loyihalari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Samarqand shahrining kengaygan hududida turizm va dam olish maskanlari tashkil etilishi, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va logistika markazlari qurilishi rejalashtirilgan.
Senatorlar mazkur islohotlar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “odamlarni hayotdan rozi qilish” tamoyilining amaliy ifodasi sifatida Samarqandning xalqaro megapolis sifatidagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokama yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA