“O‘zbekiston - 2030” strategiyasida har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu yo‘nalishda belgilangan vazifalar doirasida maktabgacha ta’lim tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi. Umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturi amalga oshiriladi. Professional ta’lim rivojlantiriladi. Oliy ta’lim bilan qamrovni oshirish bilan birga pedagog kadrlar maqomi oshiriladi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z bordi. Iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish va “korxona - oliy ta’lim muassasasi - ilmiy tashkilot” hamkorlik tizimini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash sohasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2030 yilga kelib umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, yurak qon-tomir kasalliklaridan erta o‘limni (30-69 yosh) 27 foizgacha kamaytirish, saraton kasalligidan erta (30-69 yosh) o‘limni 5,2 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.
Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish maqsadida yurak qon-tomir, xavfli o‘sma, qandli diabet, sil kasalliklari tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 50 foizini profilaktik ko‘riklarda aniqlashni yo‘lga qo‘yish, davolash muassasalariga poliklinika elektron yo‘llanmasi orqali borgan bemorlar ulushini 70 foizga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Majlisda strategiya ijrosini ta’minlashda deputatlar hamda jamoatchilik nazorati zarurligi qayd etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA