O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, 2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining yuqori chegarasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz etib belgilanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning jami cheklangan hajmi 5 milliard AQSH dollari, shundan Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, taqchillikni moliyalashtirish uchun 2,5 milliard hamda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2,5 milliard AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.
[gallery-26491]
Bundan tashqari, davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish hamda valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 30 trillion so‘m miqdorida belgilanmoqda.
Davlat tomonidan majburiyatlar qabul qilinishi (sotib olinishi yoki to‘lanishi) va davlat tomonidan tasdiqlovchi xatlar berilishi talab etiladigan davlat-xususiy sheriklik prinsiplari asosida imzolanadigan barcha yangi loyihalar qiymatining cheklangan miqdori esa 6,5 milliard AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.
Soliq siyosatida amaldagi soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolishi aytib o‘tildi. Deputatlar byudjet loyihasi yuzasidan o‘z takliflari va fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimizning byurokratiyani kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum ochilish marosimidagi nutqi ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA