Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston 2023-2026 yillarda ta’lim islohotini o‘tkazadi
13:37 / 2023-04-05

Toshkentda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik (GPE), YUNICYeF hamda milliy va xalqaro hamkorlar tomonidan 2023-2026 yillarda ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” taqdim etildi.

Sifatli ta’limdan adolatli foydalanishni ta’minlashga qaratilgan mazkur yo‘l xaritasi O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish jarayonini jadallashtirish uchun juda muhim vositadir. Ushbu hujjat 2026 yilgacha rivojlanish strategiyasiga muvofiq, maktabgacha va maktab ta’limini isloh qilishga doir ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi.

Yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi taraqqiyot bo‘yicha hamkorlarimiz bilan birga islohot dasturini amalga oshirish uchun mantiqiy va muhim qadamdir.

“Ta’lim sektori uchun ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” nafaqat sohaga daxldor turli manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi muvofiqlikni kuchaytiradi, balki eng samarali yechimlar topish imkonini ham kengaytiradi”, dedi jumladan, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova.

Darhaqiqat, ayni payt 3-6 yoshli bolalarni 80 foiz qamrab olish uchun maktabgacha ta’lim tizimida 620 ming o‘rin, 2026 yilgacha xalq ta’limi tizimidagi maktablarda 1.2 millionga yaqin o‘rin zarur bo‘ladi.

Ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar harakati muvofiqlashtirilmagani yo‘l xaritasi ishlab chiqish zaruratini paydo qildi. Endilikda mazkur hujjat 54 hamkor tashkilotni birlashtirib, ta’lim sektoridagi islohotlarni amalga oshirish uchun aniq dasturni ta’minlaydi.  Etika, vijdonli bo‘lish, korrupsiyaga qarshi kurashish, adolat va inson huquqini amalga oshirish tamoyiliga asoslanadi.

– Sifatli inson kapitali davlat taraqqiyoti asosidir, – dedi YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Mavjud demografik imkoniyatni dividentga aylantirish uchun, O‘zbekiston, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan birga ta’limga sarmoya kiritishni ustuvor yo‘nalish qilishda davom etishi kerak. Yo‘l xaritasini ishlab chiqish jarayonida ayni yo‘nalishdagi muhim qadamlar belgilab olindi Bunga erishish uchun maktab va maktabgacha ta’lim infratuzilmasini kengaytirish va modernizatsiya qilishga yirik sarmoya kiritish, shu bilan birga sifatli inklyuziv ta’limdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash teng darajada zarur.

Prezidentimiz tomonidan 2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinganiga javoban, yo‘l xaritasi taqdim etilayotgani jarayonning tugashi emas, balki sohada yanada yuqori natijalarga eltuvchi yo‘lning boshidir. Zero, Hukumat va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik diqqat markazida farzandlarimiz. Bu orqali adolatli ta’lim tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shamiz.

Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik (GPE) tashkiloti ijrochi direktori Laura Frigent xonim o‘z chiqishida 150 dan ko‘p hamkor ishtirokida kechgan jarayon – “Yo‘l xaritasi” birgalikda tasdiqlanishi O‘zbekistondagi barcha  qizlar, o‘g‘il bolalar uchun ta’lim tizimini o‘zgartirish yo‘lidagi muhim qadamdir, deya ta’kidladi.

Konferensiyada, shuningdek, soha bo‘yicha hamkorlar, mutaxassislar, xalqaro ekspertlar ma’ruzalari tinglandi. Yo‘l xaritasini  monitoring va baholash tizimiga implementatsilash, sohani moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Saidmurod Rahimov, O‘zA muxbiri