Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston 0,072 ball bilan dunyodagi eng xavfsiz davlatlar qatoriga kirdi
15:44 / 2026-01-05

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar xalqaro reyting va indekslardagi ijobiy natijalar orqali o‘z tasdig‘ini topmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti bergan ma’lumotga asoslansak, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatimiz bir qator nufuzli xalqaro ko‘rsatkichlarda o‘z o‘rnini mustahkamlab, ayrim reytinglarda tarixiy eng yuqori natijalarga erishgan.

Ichki ishlar organlari hamda huquq-tartibot idoralarining inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jinoyatlarni barvaqt oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan izchil faoliyati esa mamlakatning xalqaro nufuzi oshishiga xizmat qilmoqda.  

Unga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston AQSHning Vashington shahrida   joylashgan World Justice Project tashkiloti tomonidan shakllantiriladigan “Huquq ustuvorligi indeksi”da 143 davlat orasida 81-o‘rinni egallab, o‘tgan yilga nisbatan ikki pog‘ona yuqorilagan. E’tiborlisi, ushbu indeks bo‘yicha dunyo mamlakatlarining 68 foizida pasayish kuzatilgan bir paytda, O‘zbekiston o‘z natijasini yaxshilashga erishgan.

Ayblanuvchilarning huquqlari va tegishli huquqiy tartib ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 92-o‘ringa ko‘tarilgan. Axloq tuzatish tizimining jinoyatchilikni kamaytirishdagi samaradorligi indikatorida esa mamlakatimiz 20-o‘rinni egallab, ikki pog‘onaga o‘sgan.  Shuningdek, jinoyatchilikning yo‘qligi va odil sudlov tizimining xolisligi bo‘yicha ham reytingdagi o‘rinlar yaxshilangan.

Bundan tashqari, xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace) tomonidan tayyorlanadigan “Xavfsizlikni his qilish indeksi”da O‘zbekiston 0,072 ball bilan birinchi o‘rinni egallab, dunyodagi eng xavfsiz davlatlar qatoriga kirgan.  

Shu bilan birga, 2025 yilgi “Global innovatsiya indeksi” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 139 davlat orasida 79-o‘rinni qayd etib, mamlakat tarixida ilk bor top-80 talikka kirgan.  

Bu o‘tgan yilga nisbatan to‘rt pog‘ona yuqorilashni anglatadi.  

Daromad guruhi bo‘yicha O‘zbekiston 7-o‘rinni, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida esa 3-o‘rinni egallagan.  

Ushbu ko‘rsatkichlar Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston Hindiston va Erondan keyingi uchinchi o‘rinda ekanini ko‘rsatib, Qozog‘iston, Rossiya va Turkiya kabi davlatlardan yuqori natija qayd etilganini tasdiqlaydi.  

Ayni paytda mamlakatimiz to‘rt yildan beri “Innovation overperformer” — ya’ni iqtisodiy imkoniyatlariga nisbatan yuqori innovatsion samaradorlikka ega davlat maqomini saqlab kelmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston 2025 yilda World Happiness Report reytingida 47-o‘rinni, JSSTning yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha hisobotida 60-o‘rinni, Women, Business and Law indikatorida 90-o‘rin hamda Global kiberxavfsizlik indeksida T-2 darajani qayd etib, o‘tgan yilga nisbatan yanada yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan.

Ta’kidlash joiz, qayd etilgan natijalar O‘zbekistonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini takomillashtirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar samarasining yaqqol ifodasidir. Bu jarayonda Kriminologiya tadqiqot institutining tahliliy yondashuvi, ilmiy asoslangan takliflari va huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikdagi samarali faoliyati xalqaro ishonchni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rish mumkin.  

M.Eshmirzayeva, O‘zA