Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekgidroenergo”ning investitsiyaviy jozibasi oshib bormoqda
16:17 / 2025-07-08

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining xalqaro kredit reytingini BB (barqaror) darajasigacha oshirdi. Bu haqda jamiyatning moliya va reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Lazizxo‘ja Usmonov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro reyting va indekslarda yuqori natijalarga erishish jamiyat faoliyatining shaffofligi, moliyaviy barqarorligi va investitsion jozibadorligini tasdiqlaydi. Xalqaro reyting agentliklari tomonidan berilgan baholar jamiyatning tashqi imiji va ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi. 

Aytish joiz, “O‘zbekgidroenergo” AJ 2020 yilda “Fitch Ratings” tomonidan ilk bor B+ (barqaror) reytingiga loyiq deb topilgan. 2021 yilda esa reyting BB– (barqaror) darajasiga ko‘tarilgan va so‘nggi to‘rt yil mobaynida ushbu ko‘rsatkich saqlab kelingan. Joriy yilning 1 iyulida esa xalqaro reyting yana bir pog‘onaga ko‘tarilib, BB (barqaror) darajasini tashkil qildi. 

Usmonovning ta’kidlashicha, ushbu reyting jamiyat uchun xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, investorlarni keng jalb etish, davlat kafolatisiz kreditlar olish hamda investitsiya loyihalarining moliyalashtirish shartlarini yengillashtirish imkoniyatini yaratadi. 

So‘nggi yillarda “O‘zbekgidroenergo” AJ ushbu reyting asosida bir qator investitsiya loyihalari uchun moliya resurslarini jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, “Zarchob-3” GES va Katta Andijon kanalida kichik GESlar kaskadi qurilishi uchun 5 million yevro va 122 million yuan miqdorida davlat kafolatisiz kreditlar jalb qilingan. 160 megavattli “Yuqori Pskem” GES loyihasi uchun AQSH moliya institutidan 70 million yevro, Xitoy moliya muassasalaridan esa 285 million dollar mablag‘ ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. 

Brifingda ta’kidlanishicha, jamiyat reytingining yuqorilashi nafaqat uning salohiyatini, balki mamlakatimiz iqtisodiyotiga bo‘lgan xalqaro ishonchning ortib borayotganini ham ko‘rsatadi. Jamiyat bugungi kunda mustaqil kredit reytingi bo‘yicha O‘zbekistondagi top 3 kompaniyalar qatoriga kiradi. 

Bu natija “O‘zbekgidroenergo” AJning korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, xarajatlarni optimallashtirish, xatarlarni samarali boshqarish va energiya ishlab chiqarish samaradorligini oshirish borasida amalga oshirgan islohotlari samarasidir. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA