English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekgidroenergo”da korrupsiyaga qarshi kurashish tizimli amalga oshirilmoqda
12:11 / 2025-06-13

Bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ravshan Boyqulov jamiyatda 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, joriy yilda “O‘zbekgidroenergo” AJning “Komplayens-nazorat” va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan belgilangan vazifalar doirasida tizimli tadbirlar o‘tkazildi. Bu jarayon “O‘zbekgidroenergo” tarkibidagi 5 ta aksiyadorlik jamiyati, 8 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, 1 ta unitar korxona, 1 ta qo‘shma korxona, 15 ta filial va 1 ta nodavlat ta’lim muassasasini qamrab oldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi, lavozimga yangi tayinlangan xodimlar uchun o‘quv rejasi, xavf-xatarlarni baholash yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 12 yanvardagi qaroriga muvofiq, “e-antikor.uz” elektron platformasi orqali 5 ta yo‘nalishdagi 30 ta indikator bo‘yicha hisobotlar taqdim etildi. Kadrlar tanlovi jarayonida 7 nafar nomzod hujjat topshirdi, ulardan 2 nafari ishga qabul qilindi va barchasi komplayens-o‘rganishdan o‘tkazildi. Rotatsiya holati kuzatilmadi.

2025-2028 yillar uchun mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ ISO 37001:2016 xalqaro standartini ikkinchi bor muvaffaqiyatli oldi.

Jamiyat rahbariyati va mas’ullari tomonidan 2025 yil 15 yanvarga qadar manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirish ishlari amalga oshirildi. Bu jarayon “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq, tashkilotning  Odob-axloq komissiyasi nazorati ostida tashkil etildi. Natijalar esa veb-saytga joylashtirildi.

– Korrupsiyaviy xatarlarni bartaraf etish maqsadida 3-12 mart kunlari 940 nafar xodim o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazildi. Undan kelib chiqqan takliflar asosida zarur choralar ko‘rildi va tekshiruvlar olib borildi. Jamiyat va uning tizim korxonalaridagi faoliyat tahlili orqali 27 ta funksiya aniqlanib, 2025 yil 31 yanvarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi portaliga yuklandi. Bu funksiyalarda xatarlarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi va hayotga joriy etildi. 2025 yilning 1-choragida Prezidentimiz farmon va qarorlari asosida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar agentlik platformasiga taqdim etildi. Shu davrda jamiyat xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha profilaktika tadbirlari tashkil etildi, – dedi R.Boyqulov.

Brifing yakunida ta’kidlanishicha, 2025 yilda ham “O‘zbekgidroenergo” AJ faoliyatida korrupsiyaga qarshi tizimni takomillashtirish, jamiyatning har bir bo‘g‘inida shaffoflikni ta’minlash va xavflarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA