Davlatimiz rahbari joriy yilda “O‘zbekgidroenergo” AJning xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablag‘larni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini qayd etgan edi. Albatta, bu ishonch jamiyatga faxr bilan bir qatorda, alohida mas’uliyat ham yuklaydi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ushbu vazifani o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida mazkur sohada katta tajribaga ega bo‘lgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va “O‘zbekgidroenergo” AJ o‘rtasida tuzilgan “Har taraflama hamkorlik bo‘yicha o‘zaro hamfikrlilik memorandumi”ga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJning mahalliy va xorijiy kapital bozorlariga chiqishi bo‘yicha hamkorlik qilish, qimmatli qog‘ozlar, jumladan, Islom tamoyillariga asoslangan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali investitsiya faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish kabi faoliyat turlarining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, chora-tadbirlar ijrosi natijasida joriy yilning iyul-avgust oylarida obligatsiyalarni chiqarish rejalashtirilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” AJ o‘z ishlab chiqarish xususiyatidan kelib chiqib, “yashil” islomiy obligatsiyalarni chiqarish bo‘yicha izchil izlanishlar olib bormoqda. Xususan, hozirda bir qator nufuzli xorijiy investitsiya banklari, AQSHning “Citibank”, “JPMorgan Shase”, Shveysariyaning “Credit Suisse”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Emirates NBD”, Fransiyaning “Societe Generale” singari nufuzli banklari bilan islomiy obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.