Bu haqda mazkur tashkilot axborot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, barqarorlik va samarali boshqaruvning ahamiyati zamonaviy iqtisodiy va texnologik sharoitda yanada ortmoqda. Shu bois, “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbarligida risklarni izchil va tizimli boshqarishga qaratilgan muhim qadam qo‘yildi.
Xabarda ta’kidlanganidek, zamonaviy iqtisodiy va texnologik sharoitda korxonalar barqarorligi risklarni izchil va tizimli boshqarishni talab etadi. Xalqaro miqyosda ushbu jarayonni tartibga soluvchi asosiy hujjatlardan biri - ISO 31000:2018 “Risk Management - Guidelines” standarti bo‘lib, u risklarni aniqlash, baholash va boshqarishni shaffof va kompleks yondashuvlar asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Standartning moslashuvchanligi uni turli soha va boshqaruv darajalarida qo‘llashni osonlashtiradi.
Mamlakatimiz sanoat korxonalari orasida “O‘zbekgidroenergo” AJ ushbu standartni birinchilardan bo‘lib joriy etgan korxonalardan biri bo‘ldi. Kompaniyada ilk bor ISO 31000:2018 talablari asosida risklarni boshqarish tizimi shakllantirildi hamda u strategik rejalashtirish, investitsion loyihalarni baholash, texnik xavfsizlik, operatsion boshqaruv va monitoring jarayonlariga integratsiya qilindi. Ushbu yondashuv risklarni nazariy baholash bilan cheklanmay, ularga nisbatan amaliy boshqaruv choralarini belgilash imkonini beruvchi funksional tizim sifatida joriy etildi.

Risk boshqaruvining amaldagi samaradorligi mustaqil xalqaro ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvi orqali baholandi. Tekshiruv jarayonida risklarni aniqlash, ustuvorliklarni belgilash, risk reyestri va risk xaritalarini yuritish, boshqaruv choralarini ishlab chiqish hamda monitoring mexanizmlarining ISO 31000:2018 talablariga muvofiqligi qayd etildi. Shu bilan birga, qarorlar qabul qilish jarayonida risk tahlillaridan foydalanilayotgani tasdiqlandi.
ISO 31000:2018 asosidagi yondashuv kompaniyada strategik boshqaruvning takomillashuvi, operatsion barqarorlikning oshishi hamda xavfsizlik talablarining izchil bajarilishiga xizmat qilmoqda. Risklarni boshqarish tizimining qo‘llanilishi noaniqliklarni oldindan baholash, resurslardan oqilona foydalanish va faoliyatni boshqarishda zarur aniqlikni ta’minlash imkonini bermoqda.
Jamiyat tomonidan joriy etilgan ushbu yondashuv boshqa sanoat korxonalari uchun ham amaliy tajriba sifatida namuna bo‘lishi mumkin. Bu esa risklarni boshqarish tizimlarining mamlakat miqyosida bosqichma-bosqich rivojlanishi va umumiy boshqaruv yondashuvlarini takomillashtirishga turtki bo‘ladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA