Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekgidroenergo” AJ yiliga 7 million dona “yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish imkoniyatiga ega
19:52 / 2024-02-27

Ma’lumki, “yashil energiya” sertifikati gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda, ma’lum miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat hisoblanadi.

Bugungi kunda “yashil energiya” sertifikati bo‘yicha Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash xalqaro jamg‘armasi (I-REC) standartlari 50 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlarda joriy qilingan. 

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekgidroenergo” AJ Transformatsiyani amalga oshirish ofisi boshlig‘i Pahlavon Nurmatov shu haqda ma’lumot berdi. 

Unda qayd etilganidek, mazkur “yashil energiya” sertifikati mamlakatimizda ilk bora “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan joriy etilgan hamda sotuvga chiqarilishi ta’minlangan. Shuningdek, jamiyat O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida tashkil etilgan “yashil energiya seksiyasi” orqali “VAT Uzbekistan” qo‘shma korxonasiga 2000 ming dona “yashil energiya” sertifikatlarini sotgan. 2000 dona sertifikat 2 million kilovatt soat elektr energiyasini anglatib, korxona tomonidan joriy yilning yanvar-fevral oylarida ushbu ekologik toza manbadan foydalanilganligini tasdiqlaydi. 

–“O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil energiya” sertifikatlarini sotish bo‘yicha qator choralar ko‘rilmoqda. Bu borada qilingan ishlardan birini keltiraylik. Xususan, “O‘zbekgidroenergo” AJ Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan “Sertifikat chiqarishning standart shartlari to‘g‘risidagi shartnoma”ni imzolagan va Xalqaro yashil energiya sertifikatlari platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan. Hozirgi kunda “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimida 60 ta gidroelektr stansiyasi mavjud bo‘lib, ularning quvvati 2 233 MVtni tashkil qiladi. Jamiyat yiliga o‘rtacha 7 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa 7 million dona “yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish imkonini beradi, – dedi P.Nurmatov. 

Shuningdek, tadbirda “yashil energiya” sertifikatining mazmun-mohiyati va uning amaliy natijalari ham aytib o‘tildi. Unga ko‘ra, bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi. Bunday sertifikatlardan ko‘zlangan maqsad qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish va iste’mol qilishni rag‘batlantirish, shuningdek, bunday energiya manbalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashdir. 

Ta’kidlanganidek, sertifikatlar sotuvidan tushgan mablag‘lar “O‘zbekgidroenergo” AJ gidroelektr stansiyalarning quvvatlarini modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, toza energiya asosida mahsulot ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish yo‘lida sarflanadi. 

N. Ziyodullayeva, O‘zA