“O‘zbekgidroenergo” AJ mamlakatimiz suv-energetika resurslarini yagona boshqaruv tizimi orqali muvofiqlashtirib, gidroelektr stansiyalarini markazlashgan texnologik boshqarishni ta’minlamoqda.
Hatto suv tanqisligi kuzatilayotgan mavsumlarda ham kompaniya qo‘shimcha quvvatlar yaratish orqali energetika salohiyatini oshirishga erishmoqda.
Raqamlar tahliliga ko‘ra, 2024 yilda 22,73 MVt quvvatga ega 15 ta yangi gidroelektr stansiya ishga tushirildi. Ulardan 12 tasini 21,67 MVtli kichik GES va 3 tasini 1,06 MVtli mikro GES tashkil etadi. So‘nggi yetti yilda mamlakatda GESlar soni 35 tadan 72 tagacha, umumiy quvvat esa 1 836 MVtdan 2 252,5 MVtgacha oshirildi. Natijada qo‘shimcha 416,5 MVt quvvat yaratildi.
GESlar quvvatiga asosan 14 ta yirik, 26 ta o‘rta, 18 ta kichik va 19 ta mikro gidroelektr stansiyalardan iborat.
Joriy yilda “O‘zbekgidroenergo” tomonidan 8,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasi milliy elektr tarmoqlari orqali iste’molchilarga yetkazib berilishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 19 foizga ko‘pdir.
Mazkur natijalarga jamiyat tasarrufidagi 15 ta energiya hosil qiluvchi korxona va ularda faoliyat olib borayotgan 2 182 nafar xodimning sa’y-harakatlari orqali erishildi. 153 ta gidrogeneratorning uzluksiz ekspluatatsiya qilinishi, profilaktik ta’mirlash ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi va avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish bu jarayonlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“O‘zbekgidroenergo”ning bunyodkorlik ishlari nafaqat mamlakat energetika salohiyatini mustahkamlashga, balki mintaqada suv-energetika resurslaridan samarali foydalanishga ham yordam bermoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA