“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov va Xitoyning SINTIC kompaniyasi rahbari King Xubao boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro forum doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar uzoq yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan strategik hamkorlik, amalga oshirilayotgan yirik energetika loyihalari va kelgusidagi qo‘shma tashabbuslar yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Unda qayd etilganidek, SINTIC kompaniyasi “O‘zbekgidroenergo” uchun oddiy hamkor emas, balki O‘zbekistonda yangi gidroenergetika ob’ektlarini barpo etish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishda eng ishonchli va muhim strategik sheriklardan biriga aylangan.
SINTIC bilan hamkorlik doirasida 2020-2022 yillarda umumiy quvvati 62 MVt, yillik ishlab chiqarish hajmi 398 million kVt·soat bo‘lgan uchta gidroenergetika ob’ekti muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Loyihalarning umumiy qiymati 53 mln. AQSH dollarini tashkil etib, shundan 41 million dollar Xitoy Eksimbanki tomonidan moliyalashtirilgan.
“Toshkent GES-1”, “Chirchiq GES-10” va “Samarqand GES-2B”ni modernizatsiya qilish ishlari yuqori kasbiy standartlar asosida amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu natijalar ikki mamlakat o‘rtasidagi energetik hamkorlik samaradorligining yorqin tasdig‘i hisoblanadi.
2023 yilda SINTIC Katta Andijon kanalidagi kichik GESlar kaskadi uchun uskunalar yetkazib berish bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi bo‘ldi va 18,5 million dollarlik shartnomani amalga oshirishga kirishdi. Uskunalar to‘liq yetkazib berilgan, tajribali xitoylik mutaxassislar ishtirokida montaj va sozlash ishlari jadal davom etmoqda.
Uchrashuvda jamiyatning moliyaviy barqarorligi borasida erishilgan yutuqlar ham alohida ta’kidlandi. 2020 yilda “O‘zbekgidroenergo” Fitch Ratings xalqaro agentligi tomonidan B+ reytingiga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich BB- darajasiga oshirilgan va hozirgi kunda jamiyat BB reytingiga erishgan.
Shuningdek, “Jinlun” kompaniyasi bilan hamkorlikda 40 MVt gacha bo‘lgan gidroenergetik uskunalar ishlab chiqaruvchi zamonaviy zavod ishga tushirilgani qayd etildi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu korxona tomonidan “Norin GES-1” uchun uskunalar muvaffaqiyatli tayyorlandi va loyiha 2025 yil sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida ishga tushirildi.
Uchrashuvda Qorong‘utugay va Xodikent GAESlarini davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirish, shuningdek, bu jarayonda Xitoy banklarining imtiyozli moliyaviy instrumentlarini jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar yangi taklif va strategik rejalar yuzasidan fikr almashib, qo‘shma dasturlarning istiqbollarini belgilab oldi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida ikki hamkor tashkilot yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA