“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov va “China National Technical Import and Export Corporation” (CNTIC) kompaniyasi prezidenti Lyu Syuy xonim boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Ta’kidlanganidek, ular o‘rtasida 4 ta loyiha bo‘yicha hamkorlik olib borilib, shundan 3 ta loyiha bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilgan. Shuningdek, ayni kunda ikki tomon “Namangan viloyati Katta Andijon kanalida GESlar kaskadi qurilishi” loyihasi asosida hamkorlik ishlarini davom ettirmoqda.
Qayd etish joizki, mazkur loyiha doirasida asbob-uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha tender savdolarida Xitoyning CNTIC kompaniyasi g‘olib bo‘lgan. 2023 yilning oktyabr oyida tomonlar o‘rtasida tegishli tartibda 18,5 million dollarlik shartnoma imzolangan. Shu bilan birga, loyihani moliyalashtirish uchun 2024 yil 10 oktyabrda “O‘zbekgidroenergo” AJ va Xitoyning “China CITIC Bank” o‘rtasida kredit kelishuvi imzolanishiga erishilgan.

Uchrashuvda ushbu loyiha bo‘yicha oy yakuniga qadar CNTIC kompaniyasi tomonidan zaruriy asbob-uskunalarni yetkazib berish ko‘zda tutilganligi qayd etildi.
Muloqot chog‘ida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 2028 yil yakuniga qadar gidroelektr stansiyalari umumiy quvvatini 5 508 MVtga yetkazish, xususan, mavjud gidroenergetik quvvatlarni 3,3 GVt ga oshirish ko‘zda tutilayotganligi haqida so‘z bordi. Unga ko‘ra, bunday istiqbolli loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtiyozli kreditlarni yo‘naltirish muhimligi va CNTIC kompaniyasiga bu borada amaliy hamkorlik taklif etildi.
Tadbir yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelgusi rejalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA