Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekgidroenergo” AJ faoliyatida jamoatchilik nazorati kuchaytirilmoqda
16:27 / 2026-01-30

So‘nggi yillarda mamlakatimizda energetika sohasini isloh qilish, ayniqsa, gidroenergetika tarmog‘ini rivojlantirish, unda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, qabul qilinayotgan qarorlarning ochiqligini ta’minlash hamda samaradorlikni oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shu sababli, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi Jamoatchilik kengashi doirasida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar izchil muhokama qilib kelinmoqda.

Ana shu jarayonlar doirasida “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi tashkil etildi. Yig‘ilishda jamiyat faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, inson resurslarini rivojlantirish, xarid jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ Inson resurslari boshqarmasi boshlig‘i Inoyat Sunnatov so‘zga chiqib, kadrlar siyosati va xodimlar bilan ishlash yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, jamiyatda malakali mutaxassislarni jalb etish, xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ular uchun shaffof va adolatli mehnat muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, inson resurslarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlar joriy etilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda “Komplayens-nazorat” va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Shavkat Karatayev  jamiyatda korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosat olib borilayotganini, ichki nazorat mexanizmlari kuchaytirilayotganini hamda xodimlar o‘rtasida huquqiy ong va mas’uliyatni oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar muntazam o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, murojaatlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilayotgani va jamoatchilik bilan ochiq muloqotga alohida e’tibor qaratilayotgani bildirildi.

Xaridlarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Eldor Mamatov esa davlat xaridlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning huquqiy asoslariga to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlar uchun muhim dasturilamal hisoblanadi.

– Ushbu farmonda yetti yo‘nalish bo‘yicha asosiy ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, raqobatli xaridlar ulushini bosqichma-bosqich 80 foizga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Agar 2024 yilda raqobatli xaridlar ulushi 24 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 57 foizdan oshdi. Endigi maqsad to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni qisqartirish orqali raqobatli xaridlar hajmini 80 foizga yetkazishdir. Demak, tashkilotimiz tomonidan bu hujjat ijrosini ta’minlash va unda belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishga mas’ulmiz, – dedi Eldor Mamatov.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi. Jamoatchilik kengashi a’zolari bunday ochiq muloqotlar jamiyat faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA