Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekgidroenergo” AJ: 2023-2030 yillarda Surxondaryo viloyatida 81 ta loyiha asosida yangi quvvatlar ishga tushiriladi
17:14 / 2023-06-23

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizda elektr energiyasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish, barqaror va uzluksiz elektr energiyasini ishlab chiqarish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli foydalanish hamda gidroenergetika sohasida yangi GESlarni ishga tushirish, mavjudlarini izchil modernizatsiya qilish borasida rejali va keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda mazkur tashkilot yurtimizda tabiiy suv energiyasidan oqilona va samarali foydalanish, yangi GESlarni qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish borasida investitsiyaviy loyihalarni tatbiq etishga asosiy e’tibor qaratayotganini alohida ta’kidlash lozim.  

Surxondaryo viloyatida mavjud gidroenergetik salohiyatdan samarali foydalanish, yangi quvvatlarni ishga tushirish yo‘nalishida jamiyat tomonidan bosqichma-bosqich amaliy ishlar qilinayotir.  Xususan, 2023-2030 yillarda Surxondaryo viloyatida 81 ta loyiha asosida 601,4 MVt, yillik 2 038,2 million kVt.soatga teng yangi quvvatlarning ishga tushirilishi rejalashtirilgan.  

Joriy yilda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan birgina Surxondaryo viloyatida 6 ta loyiha asosida 184,1 MVt quvvat ishga tushiriladi. Ahamiyatlisi, ushbu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchan hisoblanib, mamlakatimiz energetika sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. GESlar tomonidan ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda, barqaror energiya ishlab chiqarilib, viloyat sanoat korxonalari, turli idoralar va mahalliy aholiga yetkazib beriladi.  

Bugun, 23 iyun kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan “To‘palang GES” unitar korxonasiga mamlakatimizning nufuzli va yetakchi OAV vakillari, xorijiy jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-turda ana shunday yangilik va kelgusi rejalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanganidek, “To‘palang GES”ning yangilangan quvvati 175 MVt bo‘lsa (avval 30 MVt), qolganlari mikro va kichik GESlar hamda suv yuzasida turuvchi kinetik turbinali mikro GESlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.  

[gallery-12470]

Hozirgi kunda yangi istiqbolli loyiha asosida 16 MVt bo‘lgan “Zarchob-3” GES qurilishi bo‘yicha dastlabki ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, istiqbolli loyihalar asosida keyingi yillarda To‘palang daryosining yuqori qismida jami 20 ta loyiha asosida quvvati 264 MVt bo‘lgan “Yuqori To‘palang GES”lari quriladi.  

Shuningdek, press-tur doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov OAV vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.  

Jonli va qiziqarli kechgan muloqot davomida boshqaruv raisi  “To‘palang GES” UK faoliyati, undagi inson omilisiz boshqariluvchi zamonaviy texnologiyalar, GESda o‘rnatilgan “aqlli boshqaruv tizimi”ga to‘xtalib o‘tdi.  

–“To‘palang” suv ombori hajmini oshirib borish, suv ombori xavfsizligini ta’minlash borasidagi ilg‘or tizimlarni o‘rnatish muhim vazifalardan. Ta’kidlaganimizdek, To‘palang daryosi suvidan unumli va samarali foydalanish maqsadida “Zarchob-1” va “Zarchob-2” kichik GESlari barpo etildi. Hozirgi kunda yangi istiqbolli loyiha asosida 16 MVt bo‘lgan “Zarchob-3” GES qurilishi bo‘yicha dastlabki ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, istiqbolli loyihalar asosida keyingi yillarda To‘palang daryosining yuqori qismida jami 20 ta loyiha asosida quvvati 264 MVt bo‘lgan “Yuqori To‘palang” GESlari quriladi. Ushbu jarayonda esa jamiyat tomonidan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan mikro GESlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida jami 55 ta loyiha asosida jami quvvati 25,8 MVt bo‘lgan loyihalar ishga tushiriladi. Shundan 2023 yilda 8 ta loyiha asosida jami quvvati 10,1 MVt bo‘lgan yangi loyihalar ishga tushirilib, aholiga toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu borada jamiyat tomonidan quvvati 9,1 MVt bo‘lgan 5 ta loyiha, xususiy sektor tomonidan yangi 3 ta loyiha – quvvati 1 MVt bo‘lgan mikro GESlar qurilishi ko‘zda tutilgan, – dedi jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida boshqaruv raisi.  

Eng muhimi, ushbu ishlar natijasida 582 million m3 tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi. Shuningdek, 1 ming 560 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 850 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.  

Prezidentimizning 2021 yil 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “To‘palang” suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatmalariga muvofiq, hozirgi kunda viloyatning 11 ta tumanida amaliy ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu juda murakkab loyiha bo‘lib, dastavval “To‘palang” suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari qurilmoqda. “To‘palang” suv omboridan olingan suv avval asosiy inshootga quyiladi, keyin esa magistral quvurga uzatiladi. 

Loyihaga ko‘ra, “To‘palang” suv ombori tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 million aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Uni 2024 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.  

Muloqot yakunida jamiyat boshqaruvi raisi jurnalist va blogerlarning savollariga javob berdi.    

Muxtasar aytganda, “O‘zbekgidroenergo” AJ mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan oqilona foydalangan holda, xalqimiz xonadonlaridagi yorug‘lik manbai barqarorligini, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash jarayoniga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.  

N.Ziyodullayeva, O‘zA