Bugungi kunda energetika sohasida kadrlar tayyorlash va ularni ishlab chiqarish muhitiga tezda moslashtirish masalasi dolzarb ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, dual ta’lim tizimi nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni uyg‘unlashtirish yo‘lida eng samarali modellardan biri hisoblanadi.
Yaqinda “O‘zbekenergota’mir” AJ hamda Respublika kasbiy ko‘nikmalar markazi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi bu yo‘nalishdagi muhim qadamdir.
Bu haqda “O‘zbekenergota’mir” AJ bosh direktori Jamoliddin Yoqubov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Mazkur tashabbus yoshlar orasida energetika va energota’mir sohasiga qiziqishni oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni korxonalarning aniq ish jarayoniga tez moslashtirishga xizmat qiladi. Dual ta’lim tizimi orqali ta’lim oluvchilar nazariy bilimlarni markazlarda egallasa, amaliy ko‘nikmalarni bevosita ishlab chiqarish korxonalarida qo‘llash imkoniga ega bo‘ladi.
Mazkur memorandumga ko‘ra, energetika tizimida mehnat faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan ta’lim oluvchilar sohaga oid nazariy bilimlarni kasbiy ko‘nikmalar markazlarida, amaliy jihatdan esa bevosita ishlab chiqarish korxonalarida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kasbiy ko‘nikmalar markazlari bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimini energota’mir sohasiga joriy etish malakali kadrlar tayyorlashning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu tizim yosh mutaxassislarga kelajakdagi ish joyida haqiqiy ishlab chiqarish tajribasini orttirish, korxonalarga esa o‘z ishiga sadoqatli, kasbiy jihatdan tayyor xodimlarni tanlab olish imkonini yaratadi. Natijada energetika sohasidagi ta’mirlash ishlarining samaradorligi va sifati yanada oshadi.
Dual ta’lim tizimining joriy etilishi yoshlarni ishlab chiqarish muhitiga tez moslashish, korxonaning o‘ziga xos ish jarayonlari, texnikasi va korporativ madaniyatini chuqur o‘zlashtirishda muhim.
Shuningdek, ta’lim oluvchilar malakali ustalar (ustoz-trenerlar) rahbarligida amaliyot o‘tish uchun maxsus jihozlangan o‘quv maydonchalarida haqiqiy ta’mirlash jarayonlarida ishtirok etadi. Bu esa ularning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalarga aylantirish imkonini beradi.
O‘z navbatida, korxonamiz o‘quv dasturlarini shakllantirishda faol ishtirok etadi va ta’lim mazmunining energota’mir tizimiga zarur bo‘lgan amaliy talab va standartlarga mos kelishini ta’minlaydi. Talabalarning amaliy ko‘nikmalar kundaliklari hamda o‘quv jarayonidagi yutuqlari markaz va korxona mutaxassislari tomonidan muntazam nazorat qilinadi.
Eng muhimi, bu kabi imkoniyatlar kelajakdagi ish joyida haqiqiy tajriba orttirish hamda korxonalarga professional va sadoqatli kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA