Markaziy bank AI Challenge doirasida sun’iy intellekt yechimlarini amaliyotga joriy etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki AI Challenge (Gov Challenge: AI Connect) xakatoni doirasida ilgari surilgan innovatsion g‘oyalarni real loyihalarga aylantirish bosqichiga o‘tdi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra “Global Move” va “Balcom Soft” startaplari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Mazkur tashabbus bank tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish, ichki jarayonlarni avtomatlashtirish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, Prezidentning tegishli farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

AI Challenge doirasida tanlab olingan yechimlarning birinchi yo‘nalishi — milliy Speech-to-Text (STT) modelini ishlab chiqish va bank tizimiga integratsiya qilishdan iborat. Ushbu texnologiya murojaatlarni tezkor qayta ishlash, koll-markaz faoliyatini optimallashtirish hamda ichki hujjatlashtirish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beradi.
Ikkinchi yo‘nalish esa RAG (Retrieval-Augmented Generation) texnologiyasiga asoslangan virtiual assistentni sinovdan o‘tkazishni nazarda tutadi. U normativ-huquqiy hujjatlar va katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, manbaga tayangan aniq javoblarni shakllantiradi. Bu esa xodimlarning axborotga tezkor kirishini ta’minlab, qaror qabul qilish samaradorligini oshiradi.
Barcha yechimlar Markaziy bankning ichki serverlarida (on-premise) joriy etiladi. Ma’lumotlar maxfiyligi va bank siri to‘liq ta’minlanadi.
Mazkur memorandumlar AI Challenge doirasida ilgari surilgan g‘oyalarning real tizimlarga tatbiq etilayotganining yorqin namunasi bo‘lib, mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda bank tizimini zamonaviy intellektual infratuzilmaga o‘tkazish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA