Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi anjumanlar zalida haykaltaroshlik sho‘’basining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilish avvalida taniqli haykaltarosh Azamat Hotamov ijodiga bag‘ishlab suratga olingan hujjatli film namoyish etildi.
Tadbir davomida haykaltaroshlik san’atining hozirgi o‘rni va ahamiyati, muammolari xakida gap bordi. Shuningdek, joriy yilning iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumini munosib tashkil etish bo‘yicha mutaxassislar fikri tinglandi. Nufuzli san’at bayrami doirasida taniqli rassom va haykaltarosh Azamat Hotamovning ko‘rgazmasi uyushtirilishi rejalashtirilgan. Ko‘rgazmadan joy egallagan san’at asarlari muhokamasi o‘tkazildi.
– Kasbimni sevaman, yasagan ishlarimdan zavq olaman, – deydi Azamat Hotamov. – O‘ylaymanki, odamlar ham bundan zavqlanadi. Haykal nimaga yasaladi, degan savol bergan edi bir shogirdim. Men o‘ylanib qolgandim. Dab-durustdan berilgan savolga birdan javob berish ham qiyin. Lekin shunisi aniqki, haykal bekorchilikdan, vaqtni o‘tkazish uchun yasalmaydi.
U odamlarga estetik zavq ulashish, kishilar ruhiyatini poklash, ularni san’atdek go‘zallikka oshno etish uchun yasaladi. O‘zbek zamonaviy haykaltaroshligi bugun ancha taraqqiy etgan. Yaqinda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumiga munosib tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
D.Mamatova, O‘zA