Bismillahir Rohmanir Rohim!

Muqaddas islomning asrlar silsilasida zavol topmay kelishi uning haq din ekanini namoyon etadi. Uning muqaddas kitobi — Qur’oni karim, shuningdek, hadisi sharifdagi o‘gitlar, eskirmas g‘oyalar banibasharni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi bilan Yer yuzida qadr topib kelmoqda. Jumladan, turli millat va elatlarning kelib chiqishi bir o‘zakdan ekani, nifoq va janjallarga yo‘l qo‘ymay, o‘zaro inoqlikda tinch-osoyishta hayot kechirishga da’vat bugungi davrda ham ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda.
Shunday ekan, muqaddas dinimizning rivoj topgan, gullab-yashnagan maskanlari hamisha e’zozli sanaladi. Dunyoning jug‘rofiy xaritasidan ularni izlagudek bo‘lsangiz, O‘zbekiston zaminida nigohingiz to‘xtaydi. Nega? Bu savolning javobi uncha oddiy bo‘lmagan tarixiy haqiqatlardan iborat. Ya’ni Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylarida qadim-qadimdan dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik rivojlanib, ikki daryo oralig‘i — Movarounnahrda o‘ziga xos o‘rniga, o‘z ovoziga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi halol mehnati bilan hayot bardavomligini ta’minlab kelgan. Muqaddas islom dini ushbu zaminda yoyila boshlaganidan keyin esa mazkur xalqdan yetishib chiqqan ulug‘ zotlar uning madaniyati, ma’naviyati va ma’rifati yalovbardorlariga aylanishgan. Bu hodisa juda ulkan madaniy siljishga, ularning dunyo tamadduniga islom dini madaniyati orqali beqiyos ulush qo‘sha olish imkoniyati yuzaga kelishiga turtki bergan. Buni butun dunyo e’tirof etadi. Shuning uchun Markaziy Osiyo, eng avvalo, hozirgi mustaqil O‘zbekistonning oddiy bo‘lmagan dolg‘ali tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda bashariyatni ezgulikka, oliyjanoblikka, yaxshilikka, eng muhimi, jaholatdan uyg‘onishga da’vat etuvchi moziy sadolarini ilg‘ash mushkul emas.
Islom madaniyati, ma’naviyati bu o‘lkaga kirib kelganidan so‘ng ko‘p o‘tmay o‘zining serhosil mevalarini bera boshladi. Shu bois bo‘lsa kerak, dunyoning aksariyat ulamolari islom dini, garchi Arabistonda qaror topgan bo‘lsada, u o‘zbek zaminidan quvvat olganini yakdillik bilan e’tirof etib, mana shu muqaddas zaminda paydo bo‘lgan muslimiy tafakkur natijalaridan samarali ravishda foydalanib keladi. Islomiy qadriyatlar negizida shakllangan oilaviy muhit, o‘ziga xos urf-udumlar bevosita bu yerdagi xalqlarning, xususan, o‘zbeklarning tabiatiga singib ketgan, desak, aslo yanglishmaymiz.
Mana shunday tarixiy o‘zanlardan kelib chiqib, o‘zbek xalqida «og‘gan daryo oqaveradi», deyilganidek, tinch-osoyishta muhitda barqaror rivojlanib, obodonlashib borayotgan jannatmonand ozod O‘zbekistonning gullab-yashnashiga islom ma’naviyati va ma’rifati bugungi kunda ham samarali ta’sir qiladi. Yangi O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlar asnosida biz o‘zbek birodarlarimiz, dindoshlarimiz, diniy idorada faoliyat yuritayotgan yelkadoshlarimiz bilan bu boradagi musohabalarimiz davomida ularning qiyofalaridagi faxr-iftixor ifodalarini, ko‘zlarida yongan ishonch tuyg‘ularini ko‘rib, bu yurtning o‘tmishi bilan hozirgi kuni o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik, bardavomlik mavjudligiga yana bir bor amin bo‘lamiz.
Darhaqiqat, tarix — buyuk darsxona. Sharq donishmandlari «O‘tmishga tosh otsang, kelajakdan zambarak o‘qini qarshi olaver», deb behuda aytishmagan. Ajdodlar va avlodlar o‘rtasida uzilmas rishtalar, an’anaviylik, hurmat-e’tibor, mehr-sadoqat har qanday yurtning kelajagini ta’minlashga qodir. O‘zbekistonda bunday qadriyatlarga sodiqlik kishini quvontiradi. Ko‘p millatli Rossiya Federatsiyasida ham aynan mana shu masalalarga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Har bir xalq, har bir millat o‘tmishini unutmagan holda teng huquqlilik asosida taraqqiyot yo‘lini tutar ekan, u o‘zgalarning bosimidan o‘zini saqlagan holda, muqaddas qadriyatlarini ko‘z qorachig‘idek asrashi lozimligi masalasida bugungi O‘zbekiston ibrat-namuna bo‘lib kelmoqda.
Endilikda, yangi O‘zbekiston sharoitida uchinchi Renessansning madaniy-ma’rifiy poydevorini yaratishning yangi to‘lqinlarida bu hodisa dunyo miqyosida namoyon bo‘la boshladi. Shu sababli yaxshilik, ezgulik a’moliga aylangan musulmonlar qayerda bo‘lmasin, islom ma’rifati borasida so‘z ketsa, bugungi O‘zbekiston hududida joylashgan muqaddas shaharlarni eslashlari ham bejiz emas. Negaki, muqaddas islom dinida so‘z va amal birligi yuksak qadriyat hisoblanadi. So‘zda aytib, amalda teskarisini qiladiganlarga munofiq deyiladi. O‘zbek xalqi ma’lum bir davrlarda muqaddas dinimizning bosh kitobidan, hadisi shariflardan mosuvo qilib qo‘yilgan esada, o‘z hayot tarzi, amali, to‘g‘riso‘zligi, adolatliligi bilan haqiqiy muslim ekanliklarini ko‘rsatib keldilar. Bugungi O‘zbekistonning yildan yilga obodonlashib, zamonaviy sayyohlik markazlariga aylanib borayotgan muqaddas shaharlarini, aqalli, bir marta borib ko‘rgan kishi bunga amin bo‘ladi.
Qadimda ulamolar «Yer yuzining barcha joyiga ko‘kdan nur insa, yerdan ko‘kka nur chiqadigan joy», deb ta’riflagan birgina Buxoro shahrining asil o‘zanlariga qaytib, islom ma’rifatiga aloqador so‘z va amal birligini obodonlashgan qadimiy yodgorliklar orqali namoyon etib turishi ibratlidir. «Xojagon» tariqati asoschisi Abduxoliq G‘ijduvoniyning Buxoro mo‘jizakor zamin ekani to‘g‘risidagi misralarini uning G‘ijduvondagi maqbarasiga qadami yetgan ziyoratchilar ko‘p eslashadi.
Tuproqlari anbar ifor, fayzi esa mo‘jizakor —
Xusrav, Doro, Kayxusravning o‘lkalari emas aslo.
Yer yuzini uch martaba kezib chiqib, sezdim takror —
Ham latif-u, ham shariflik egasidir bir Buxoro!
Darvoqe, bu muqaddas maskanda Abduxoliq G‘ijduvoniydan boshlanib Bahouddin Naqshbandga qadar davom etgan yetti pir yodgorliklari dunyo musulmonlarini o‘ziga jalb qilgan ziyoratgohlar ekanida jozibali hikmat mavjudki, uni dunyoning boshqa hech bir yerida, qolaversa, bunday muhtasham va muntazam shaklda ko‘rib bo‘lmaydi. Ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgani uchun ularning barchasiga bir-bir to‘xtalib o‘tirmay, bu jozibali hikmatning ma’no-mazmuniga e’tibor qaratish dunyoni halokatdan qutqarishga qodir, deya olaman.
«Dunyoni go‘zallik qutqaradi» deyishadi. To‘g‘ri, Momo Havvo husnda yagona. Zulayhoning qalbini zabt etgan Yusuf ham go‘zallik timsoli. Ammo ular afsonalarda qoldi. Shafqatsiz dunyo afsonalarni, garchi ularda haqiqat belgilari bo‘lsada, inkor qilib yashashga ko‘nikkan. Ular dunyoni qutqaradigan fazilat muvaqqatlikni tan olmasligini yaxshi bilishadi. Hech qachon zavol bilmaydigan, eskirmaydigan, qaysi davr va qaysi makonda bo‘lmasin, ahamiyat kasb etadigan mangulikni ko‘rmoqchi bo‘ladilar. Shunday mahallarda, undaylarga qanday qilib biri kulollik, yana biri bog‘dorchilik, boshqasi baxmal to‘qish bilan tirikchilik qilgan Buxorodagi yetti pirning muqaddas islom aqidalaridan kelib chiqib, yaratgan g‘oyalari yordam bera oladi? Bunday joylar dunyoning boshqa go‘shalarida yo‘qmi? Albatta, yo‘q! Nega deganda, Abduxoliq G‘ijduvoniydan boshlanib, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va oxirgi Bahouddin Naqshband ta’limotlarigacha «so‘z va amal birligi» bosh g‘oya sifatida turadi. Oralaridagi masofa o‘nlab kilometrlarga cho‘zilgan bu zotlar yashagan joylarda bugungi kunda ham ularning avlodlari mo‘minlarning mo‘mini, qalbi Alloh nuri bilan yorishgan kishilardir. Ular Allohning in’om etgan rizq-u ro‘zi barokatidan baham ko‘rishadi. Shu sababli dunyoning turli mamlakatlaridan shunchaki sayohat uchun keladigan turli dindagilar ham bu yerlardagi so‘z va amal birligiga tan berib, hayratdan yoqa ushlagan holda islom diniga xayrixohliklari oshib boradi.
Ha, dunyoni so‘z va amal birligi qutqaradi. Aynan, Buxorodagi yetti pir ziyoratgohi shundan bizga xabar beradi, barchaga saboq ulashadi. Yolg‘on gapirmang. Aytdingizmi, bajaring. Qo‘l mehnatda, qalb ibodatda bo‘lishi kerak. Tarki dunyo qilib, faqat toat-ibodatda, nazr-niyozlar asosida umr kechirishni din ahli ishi deb bilganlar uchun Abduxoliq G‘ijduvoniy «Qalbing Yaratganda, qo‘ling ishda bo‘lsin», degan muhim o‘gitni o‘rtaga tashladi. Keyinchalik bu naqshbandiya tariqatining eng muhim shiori sifatida dunyoga keng yoyildi. Buxoroning «Oltin silsila» deb nom olgan yetti piri sa’y-harakatlari tufayli amalga oshgan diniy islohotlarning oqibat natijasi o‘laroq, bugungi kunda O‘zbekiston islom ma’rifati borasida o‘zining muhim so‘zini aytishga haqli edi. Shunday bo‘ldi ham.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida islom dinining dunyo miqyosidagi o‘rniga yuksak baho berdi. Islom olamida O‘zbekiston rahbariyatining sa’y-harakati bilan shu tariqa ulug‘vor g‘oya ilgari surildi. 2018-yil 12-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiya loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqildi. Bugungi global dunyoda muqaddas dinimizning ahamiyati, obro‘-e’tibori va istiqbolini o‘zida mujassam etgan bu rezolyutsiyani dunyo afkor ommasi huzuriga Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari olib chiqib, tashabbus ko‘rsatdi. Mazkur rezolyutsiya Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alarning 50 dan ziyod mamlakatlari bilan hammualliflikda qabul qilindi. Ular qatorida Ozarbayjon, Jazoyir, Bahrayn, Belarus, Gana, Misr, Hindiston, Kanada, Qatar, Qirg‘iziston, Livan, Marokash, BAA, O‘mon, Pokiston, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sudan, Tojikiston, Tailand, Tunis, Turkmaniston, Filippin, Yaponiya va boshqa davlatlar bor edi. Bu o‘rinda Rossiya Federatsiyasining ham alohida o‘rni bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etishni istardik.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan, ilmning hamma uchun ochiqligini ta’minlash, din masalasidagi jaholatga barham berishni ko‘zda tutuvchi «Jaholatga qarshi ma’rifat» yondashuvi bu zaminda uchinchi Renessans poydevoriga qo‘yilgan asoslardan biridir.
O‘zbekiston va Rossiya musulmonlari o‘rtasidagi aloqalar bardavom ekani bizni mamnun etadi. Bunday hamjihatlik har jihatdan muhim bo‘lib, mintaqalardagi ekstremizm va terrorizm kabi tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi. Terror va zo‘ravonlik millat tanlamaydi. Ammo uning yuzini shuvut qiladi. Shu ma’noda, bunday balolarga qarshi birgalikda kurash olib borish lozimligi kun tartibidan tushmaydi. Bunday vaziyatda xalq orasida tushuntirish ishlari olib boradigan diniy ulamolarning ittifoqligi zarurligini unutmaslik lozim. Endilikda diniy ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish, ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish, mehnat migrantlari bilan ishlashda hamkorlik o‘rnatish juda zarur. O‘zbekiston va Rossiya diniy ulamolari islomning haq din ekanini to‘g‘ri tushuntira olish vazifasi bugungi kunda har qachongidan ham dolzarbligini teran his etib turishibdi.
Muqaddas islom dinining ma’rifati va ma’naviyatini O‘zbekiston misolida dunyoga tushuntirish bugun har qachongidan ham muhim. Nega deganda, hozirgi kunda dunyo bo‘ylab kechayotgan jarayonlar shuni taqozo etmoqda. Qisqacha aytganda, insoniyat taqdirida muhim burilishlar kutilayotgan g‘oyat nozik davrda yashamoqdamiz. Bunday choqda so‘z va amal birligi buzilishi, jaholat, manfaatparastlik, so‘qirlik asrlar davomida amal qilib kelgan do‘st-birodarlik, og‘a-inilik tuyg‘ulariga jiddiy zarar yetkazib qo‘yishi mumkinligidan ehtiyot bo‘lmog‘imiz lozim.
Uzoqqa bormay, shu yil 22-mart kuni Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll»da yuz bergan, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan vahshiyona qotillikni eslasak, ahli muslim orasida ta’lim-tarbiya, odob-axloq masalalari nechog‘li dolzarb ravishda kun tartibiga chiqqanini anglaymiz. Bu terrorchilik hujumi oqibatida qurbon bo‘lgan, jarohat olgan yuzlab begunoh odamlar, ayollar, bolalar, go‘daklar aybi nima edi? Axir bu Xudoning g‘azabini keltiradigan holatku! Eng achinarlisi, qo‘lga olingan o‘nlab tojikistonlik terrorchilar orasida bir oiladan uch nafari ham bor ekan. Ko‘rinadiki, diniy marosimlar o‘tkazib o‘zlarini ahli ummat hisoblashsada, nafaqat so‘z va amal birligi, balki insoniy tuyg‘ulardan mahrum bu maxluqlar butun millat yuzini shuvut qilishlari mumkinligini o‘ylab ko‘rishga qodirmidi? Yer yuzi hayoti muntazamligi va mutanosiblik uchun nainki inson qonini to‘kish, balki eng mayda hasharotlarga ham ozor yetkazmaslik haqidagi islomiy ta’limotlardan bu manqurtlar, albatta, bexabarligi islom diniga amal qilayotgan o‘lkalarda ta’lim-tarbiya, maorifni yanada kuchaytirish lozimligini ko‘rsatadi.
Mana shu og‘ir kunlarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Rossiyaning Moskva viloyatidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir bo‘lgan fojia oqibatida o‘nlab begunoh insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Janobi Oliylariga ta’ziya yo‘lladi. O‘zbekiston tinch aholiga qarshi qaratilgan bu terrorchilik harakatini qat’iy qoralashini bildirdi. O‘zbekiston rahbari vafot etganlarning yaqinlariga bardamlik, barcha jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagani og‘ir kunlarda hamkor va do‘st mamlakatlarning bir-biriga yelkadosh turishiga yaqqol misoldir.
Tarixdan ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashist bosqinchilari qo‘qqisdan kirib kelgan Rossiyaning turli o‘lkalaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bolalarni xalq o‘z oila a’zolaridan kam ko‘rmagan holda bag‘riga olgani, yuvib-taragani, tarbiyalagani ikki do‘st davlat tarixining mushtarakligidan dalolat bergani holda islomiy qadriyatlarning o‘zbeklar ruhiga azal-azaldan singib ketganini ifoda etadi. Yaratganga e’tiqod insonga mehr bilan mana shu muqaddas o‘zbek zaminida o‘zini olamga namoyon etgan edi. O‘shanda O‘zbekistonda oddiy mehnatkashlardan boshlab ilm va san’at ahli, maorif va madaniyat xodimlari ham yakdil bo‘lib, Vatanni dushmandan xalos etmoqqa bel bog‘lagan edilar. Xalq ruhidagi muqaddas islomiy qadriyatlar vatanparvarlikka yo‘g‘rilib ketgandi. Bu savobli ishlardan diniy idoralar ham chetda turmaganini alohida mamnuniyat bilan qayd etmoq joiz.
Bugungi kunda O‘zbekistonda din ahliga, ilm ahliga yuksak e’tibor ko‘rsatilmoqda. Birinchi va ikkinchi Sharq Renessansi davrida uyg‘ongan islom ma’rifati, ma’naviyati, qadriyatlari Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari rahbarligi ostida yuksalish bosqichiga ko‘tarilib, iqtisodiy va ijtimoiy, ma’naviy hayotning barcha sohasini qamrab olmoqda.
O‘zbekistonda keyingi yillarda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar qatorida islom diniga e’tibor kishini quvontiradi. Insoniyat o‘z hayotida eng buyuk burilishlar sifatida yuz bergan ikki Sharq Renessansidan har qancha minnatdor bo‘lsa arziydi. Bu buyuk o‘zgarishlar jaholat to‘siqlari osha unga madaniy-ma’naviy muhitni hadya etdi. Dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, bugungi taraqqiyot va yuksalishni, ilm-fan rivojlanishini, iymon-e’tiqod mustahkamligini o‘zbek zaminida yuz bergan ana shu beqiyos hodisalar bilan bog‘liq holda inkishof etishga harakat qilishadi.
Aslida, eng to‘g‘ri yo‘l ham shudir. Qadimdan Samarqand-u Buxoro shaharlaridagi madrasalarda diniy hamda dunyoviy fanlardan birdek saboq berilgani bois bu yerga kelib o‘qishni islom olami yoshlari orzu qilishgan. Toshkent, Termiz, Nasaf kabi shaharlarda ham ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat, adabiyot, san’at ilohiyotshunoslikka yo‘g‘rilgan holda gurkurab rivojlangani haqida tarixiy ma’lumotlar guvohlik beradi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda barcha sohada olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorliklar, shitob taraqqiyot uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan. Dastlabki ikki Sharq Renessansining asoslarida ham xuddi yangi O‘zbekistondagi kabi islom dinining madaniy-ma’rifiy muhiti, ochiq dunyoviy qarashlari, ilm-fanga da’vati turar edi. O‘zbek zaminida paydo bo‘lib dunyoga tarqagan dastlabki ikki Sharq Renessansi mahsuli bo‘lgan kitoblarni o‘zbek xalqi o‘z ona tilida mutolaa etish imkonini qo‘lga kiritgani unga azaliy o‘zanlarga qaytib ish ko‘rish imkonini berdi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida shunday marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahl-u ayolingizni yoqilg‘isi odamlar-u toshlardan bo‘lgan o‘tdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qiladilar» (6‑oyat). Bu oyati karimaning ma’nosi haqida so‘rashganda, hazrati Ali roziyallohu anhu: «Ularga ta’lim beringlar va ularga odob beringlar, degani», deb aytgan.
Bu muqaddas kalom o‘zbek zaminida asrlar davomida shakllangan jozibali hikmat — so‘z va amal birligi, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ma’rifat-ma’naviyat, madaniyat bugungi O‘zbekistonda ham bardavom ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bu hayot jozibali, tinchlik-osoyishtalik, xotirjamlikka da’vat etadi, insha Alloh!
Albir KRGANOV,
Rossiya musulmonlari diniy jamoasi rahbari, Moskva muftiysi.
Manba: Xalq so‘zi