Joriy yilning 17 yanvar kuni Germaniya Federativ Respublikasining Berlin shahrida “Grüne Woche” – “Yashil haftalik” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi.
Ushbu xalqaro ko‘rgazmada dunyoning ko‘plab davlatlaridan kelgan ishtirokchilar turli oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va bog‘dorchilikka oid yangilik va ixtirolarini namoyish etmoqda.

“Grüne Woche” haftalik dasturi davomida turli seminarlar, konferensiyalar, madaniy tadbirlar o‘tkazilib, soha mutaxassislari va ishbilarmonlar uchun tajriba almashish hamda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Biz uchun e’tiborlisi, mazkur xalqaro ko‘rgazmada kattagina o‘rinni egallagan “Made in Uzbekistan” burchagining tashkil etilganidir.

Ushbu ko‘rgazmada serquyosh yurtimizda ishlab chiqarilgan va saxovatli zaminimizda yetishtirilgan bir qator tabiiy mahsulotlar bilan bir qatorda “BMB Za’faron” mahsulotlari ham namoyish etilmoqda.
Jizzax viloyatining Baxmal tumani dalalarida yetishtirilgan ushbu shifobaxsh za’faron mahsuloti ko‘rgazmada jam bo‘lgan ko‘plab xorijlik mehmonlarning asosiy diqqat markazida bo‘lib, mahsulot ularda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri