Finlyandiyaning 4-18 yoshli bolalarga matematikani o‘rgatishga ixtisoslashgan Skillgrower platformasini o‘zbek tilidagi ko‘rinishi ishga tushirildi. bugungi kunda ushbu platformani o‘zbekcha ko‘rinishini pedagoglar, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirokida sinovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning 2 dekabr kuni Finlyandiyaning Skillgrower kompaniyasi asoschisi Pasi Savola tomonidan Qo‘qon shahrida joylashgan 41 ta maktablar direktorlari va matematika fani o‘qituvchilari uchun “Yosh avlodning matematik bilim va ko‘nikmalarini ta’lim platformalari va sun’iy intellekt texnologiyalari orqali rivojlantirish istiqbollari” mavzusida vebinar-trening tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning 22-25 noyabr kunlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining Finlyandiyaga qilgan tashrifi doirasida ham zamonaviy AKTdan foydalanish, xususan matematika fanini o‘qitish bo‘yicha fin tajribasini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olingan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori o‘rinbosari G‘olibjon Botirov platformaning o‘zbek tilidagi talqinini yig‘ilganlarga namoyish qildi hamda o‘zbekistonlik o‘qituvchilar va o‘quvchilar foydalanishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, bu orqali olingan bilimlarning ta’lim jarayonlariga tatbiq etish yo‘nalishlari haqida o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Yil boshidan beri ushbu platformaga joylashtirilgan 18 mingtadan ortiq turli misol va masalalar matematiklarimiz tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bir tomondan ushbu davlatning matematikani o‘rganish bo‘yicha tajribasi bilan yaqindan tanishgan bo‘lsak, ikkinchi tomondan matematika fanini zamonaviy AKTdan foydalanib o‘rgatish bo‘yicha tajriba orttirdik, – dedi G‘.Botirov.

Shuningdek, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev ushbu platformaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida nafaqat matematika o‘qituvchilari, balki ota-onalar ham farzandlarining matematik bilimini kuzatib borishi, keng va mantiqiy jihatdan mushohada qilish qobiliyatlarining shakllanishi va rivojlanishini monitoring qilib borish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir yakunida, platformadan foydalanish hamda uni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘qituvchilarning ham taklif va mulohazalari tinglandi va bu borada hamkorlik aloqalarini davom ettirishga kelishib olindi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA