Xitoy Xalq Respublikasining Lanchjou partiya qo‘mitasi kotibi, Gansu provinsiyasi doimiy partiya qo‘mitasi a’zosi janob Chjan Syaotsyan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan o‘tgan uchrashuvda viloyat hokimi Ergash Saliyev O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlari, so‘nggi yillardagi oliy darajadagi tashriflar va ularning ijobiy natijalari, viloyat salohiyati to‘g‘risida gapirib berdi.
Jumladan, Ergash Saliyev, ikki davlat rahbarlari tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, mavjud imtiyozlar, viloyatning asosiy drayverlari, erkin iqtisodiy zonalar hamda Jizzax vohasida qaysi yo‘nalishlarda investitsiyalar jalb qilish mumkinligi to‘g‘risida ham aytib o‘tdi.

Viloyat salohiyati aks etgan videorolik xorijlik mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.

Chjan Syaotsyan delegatsiyasining viloyatga tashrif buyurishdan ko‘zlangan asosiy maqsadi Jizzax viloyati va Gansu provinsiyasi o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish ekanligini bildirdi.

, Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar Jizzax shahridagi Sharof Rashidov muzeyi, Kibersport arenasi, “Sambhram” va Qozon federal universiteti Jizzax filiali hamda Jizzax erkin iqtisodiy zonasidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Xitoylik mehmonlar viloyatdagi investorlarga yaratilgan imkoniyatlarga yuqori baho berdi va sanoat zonalarida istiqbolli loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari