Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar
23:35 / 2025-08-14

O‘zA o‘quvchilari e’tiboriga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Janubiy Osiyo tillari va adabiyoti oliy maktabi professori, filologiya fanlari nomzodi Muhayyo Abdurahmonova bilan “O‘zbek-urdu tillarining mutanosibligi” xususida suhbat taqdim etiladi. Urdushunos olima Muhayyo Abdurahmonova O‘zbekiston – Pokiston hamkorligini mustahkamlash, shuningdek mamlakatimizda sharqshunoslik sohasi, jumladan urdu tilini rivojlantirish yo‘lidagi beqiyos xizmatlari uchun Pokiston Islom Respublikasi hukumati tomonidan “Tamg‘a-i-imtiyoz” mukofoti bilan taqdirlangan.

Muhayyoxon, siz Hindistondagi Jahon urdu assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Karnataka shtatida urdu – bugun va ertaga”, Shirpur shahridagi San’at va gumanitar fanlar qizlar kolleji tomonidan uyushtirilgan “Urdu g‘azalnavisligi – istiqbol va muammolar”, Maratxvada Svami Ramanand universiteti o‘tkazgan “Urdu g‘azali: kecha, bugun va ertaga” mavzularidagi xalqaro vebinarlarda ma’ruzalaringiz bilan faol ishtirok etgansiz. Suhbatimiz avvalida urdu va ўзbек tillarining mutanosibligi haqida so‘zlab bersangiz?

– Pokistonlik yirik tarixchi, arxeolog, Markaziy va Janubiy Osiyo hududida ko‘p yil mobaynida arxeologik tadqiqot olib borgan taniqli olim marhum Ahmad Hasan Doniy “Xalqlarimiz o‘rtasidagi ilmiy, madaniy, ma’naviy aloqalar zamirida bir tomondan Buyuk Ipak yo‘li, ikkinchi tomondan Samarqand-u Buxoro kabi qadimiy ilm-fan markazlaridan borgan olim-u fuzalo, ayniqsa tasavvuf ahlining axloqiy-irfoniy, ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalari,qolaversa davlat arboblari sarzaminimizda yurtni idora qilishdagi o‘rni bois ikki xalq o‘rtasida yuzaga kelgan hamkorlik rishtalarining chuqur ildizlari yotadi” deb yozgan edi. Ustoz olimning fikricha, bir yarim ming yil avval Kushon hukmdorlari Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari o‘rtasida o‘rnatgan madaniy aloqalar Buyuk ipak yo‘li orqali mustahkamlangan. Bizdan borgan hukmdorlar, ayniqsa Bobur mirzoning siyosati mavjud rishtalarga yangi qon berdi. U qoldirgan ulkan meros  samarasi o‘laroq, mushtarak madaniyat yuzaga keldi.

Avvalroq islom dini Hindiston yarim oroliga kirib borishi bilan ikki hudud o‘rtasidagi aloqalarning yangi davri boshlangan. O‘zaro ta’sir yanada kuchaygan. Hatto, Ipak yo‘li boshlanishidan oldin ham bunday rishtalar mahkam bo‘lgan. XVI asrdan boshlab hind savdogarlari, ko‘pincha sindhiy va panjobliklar Turkistonda karvonsaroylar qura boshlagan. XIX asr o‘rtalariga kelib ularning soni 15 dan oshgan. Bozor, guzar va karvonsaroylardagi muloqot natijasida istilochilar va tuzem aholining tili, shu bilan birga turli madaniyat, urf-udum va qarashlar bir-biriga ta’sir ko‘rsatgan. Binobarin, ko‘p asrlik mana shu madaniy-ma’naviy qadriyat va an’analar, tarix uyg‘unlashuvi eng avvalo, tilda aks etgan. Bu hodisa xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, lisoniy, diniy yaqinligimizning bir in’ikosidir. Markaziy Osiyodan bu mintaqaga juda ko‘p shoir-u adiblar, hunarmand-u olimlar, so‘fiylar-u din ulamolari borgan va bu jarayon tillarimizda ham o‘z ifodasini topgan.

Urdu tili atamalarida arab, fors elementlari ham mavjud, shundaymi?

Ha, urdu tilidagi ko‘plab forscha so‘zlar bevosita forsiydan emas, balki turkiy til orqali ko‘chgan. Albatta, ba’zi so‘zlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tgan va urdu tili rivojida muhim ahamiyat kasb etgan.Faqat bu jarayon, ehtimol, Bobur Hindistonga ketgandan keyin kuchaygan.

O‘zbek va urdu tillari lug‘aviy tarkibida bir xillik juda ko‘p. O‘ylashimcha, bunday so‘zlarning soni 5 000 dan kam emas. Aytish joiz, mushtarak so‘zlarning aksari bir xil ma’noga ega. Masalan, urducha “aql” so‘zi aynan o‘zbek tilidagi ma’noni beradi. Latifa har ikki tilda hazil-mutoyiba, aks – aks, in’ikos, izzat – izzat-hurmat, vasiyat – vasiyat, vazn – vazn, asab  – asab, ilm – ilm, bilim, ishq – ishq-muhabbat, gardan – gardan, bo‘yi, gard – gard, g‘ubor, chang ma’nosini anglatadi.

Yana bir guruh so‘zlar borki, ma’nosi yaqin, faqat talaffuzida farq bor. Bunda ba’zi unlilar boshqacha aytiladi. Masalan, āshiq – oshiq, asmān – osmon, iltimās – iltimos, gunāh – gunoh, āhu – ohu, ijāzat – ijozat, āftāb – oftob, gumān – gumon,  biyābān – biyobon, bepāyān – bepoyon, yār – yor, yād – yod, giribān – giribon kabi.

Razm solinsa, urducha so‘zlardagi cho‘ziq va qisqa -a tovushlari o‘zbek tilidagi o tovushiga muqobil.

Uchinchi guruhga shunday so‘zlar oidki, ma’nosi urdu tilida kengroq, o‘zbek tilida esa torroq, yoki aksincha bo‘lishi mumkin. Masalan, “yaksān” so‘zi urduda bir xil, mos, teng ma’nosini beradi, o‘zbek tilida esa “barbod, yo‘q qilingan” ma’nolariga ega. Yoki “xunāb” urducha qon aralashgan suv, qonli suv, o‘zbek tilida bezovta, notinch, “serāb” – suvga to‘la, limmo-lim va juda ko‘p, mo‘l-ko‘l, “saranjom” – yakun, natija, biror ish yakuniga yetishi va ishni tartib-intizom bilan, orasta bajarish mazmunida keladi.

O‘zbek tilidagi “qosh” so‘zi inson yuzidagi a’zodan tashqari ba’zi narsalarning old qismi yoki turtib chiqqan joyini ham anglatadi. Urdu tilida esa qirqim, qisim, shuningdek karch, ya’ni qovun yoki tarvuz tilimi, bo‘lagini bildiradi.

“Farog‘at” so‘zi o‘zbekchada osoyishtalik, tinchlik, rohat ma’nosiga ega, urduda esa najot, qutulish, xalos bo‘lish, ozod bo‘lish, degani.

To‘rtinchi guruhga ma’nosi bir-biridan butkul farq qiladigan so‘zlar kiradi. Masalan, “taklif” o‘zbek tilida chaqiriqni bildirsa, urduda og‘riq, muammo, dard-u g‘am, ranj, xalaqit berish” kabi ma’nolarga ega.

“Ozoda” o‘zbek tilida toza, saranjom, urduda “biror nimadan xoli, qutulgan.

“Daftar” o‘zbekchada yozish uchun mo‘ljallangan qog‘oz ashyo, urdu tilida idora, ishxona, qonun-qoida, hisobotga to‘g‘ri keladi.

“Yaqin” so‘zi urduda ishonch ma’nosini bersa, o‘zbek tilida uzoq emaslikni anglatadi.

Yuqorida keltirilgan misollar ikki mintaqa xalqlari orasidagi ko‘p asrlik tarixiy aloqalar natijasi o‘laroq yuzaga kelgan mushtarak madaniy-ma’naviy qadriyat, an’ana va urf-odatlarning ikki tilda umumiylik kasb etganiga yaqqol dalil.

Ishonch bilan ayta olamanki, kelgusida ikki mintaqa, davlatlarimiz va millatlarimiz o‘rtasida barcha sohalardagi aloqalar bundan-da rivoj topib boraveradi. Biz – tilshunos, tarjimon va olimlar ham yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari uyg‘un taraqqiy etishi yo‘lida bor kuch-mahoratimizni ishga solamiz.

O‘zA muxbiri Muharrama Pirmatova suhbatlashdi.