Ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari keyingi yillarda yanada rivojlanib, barqarorlik kasb etmoqda. Bunda qardosh davlatlar rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorligi muhim o‘rin tutmoqda.
Ma’lumki, joriy yil 15-16 mart kunlari Anqarada o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat yoshlarining birdamligi borasida so‘z yurtib, turkiyalik yoshlarni O‘zbekistonga taklif qilgan edi.
Taklifga binoan Turkiya Respublikasi Hatay viloyatining bir guruh yoshlari O‘zbekistonga keldi.
Turkiyalik yoshlar delegatsiyasi Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatining tarixiy va turistik manzillari bo‘ylab sayohat qildi. Yurtimizning qadimiy va zamonaviy maskanlaridagi go‘zallik, takrorlanmas me’moriy obidalar sehriga oshufta bo‘ldi. Aholi, ayniqsa, yoshlar bilan suhbatlar, uchrashuvlar mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.
Mehmonlar Yoshlar siyosati va sport vazirligiga tashrif buyurdi.
Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov muloqot davomida ikki davlat yoshlari o‘rtasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli hamkorlik istiqbollari haqida to‘xtaldi. Xalqaro sport musobaqalarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, O‘zbekiston va Turkiya birdamligi hamda ikki mamlakat do‘stlik va qardoshlik aloqalari yangi bosqichga chiqqani aytib o‘tildi.
O‘z navbatida, turkiyalik yoshlar yurtimizdagi bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi. Samarqandda bunyod etilgan mo‘’jizakor majmualar, Buxoroning qadimiylikka uyg‘unlashgan zamonaviy qiyofasi, Xorazmda Etnosport festivaliga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari ularda unutilmas taassurot qoldirgan.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, turli soha va yo‘nalishlarda tajriba almashish, hamkorlik istiqbollari xususida hamfikr ekanliklari ta’kidlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA