Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga tashrifi, Dushanbe va Xo‘jand shaharlarida ushbu mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon bilan do‘stona uchrashuvlari har ikki el o‘rtasida qo‘shnichilik munosabatlarini yanada yaxshilash va mustahkamlash, mavjud muammolarni birgalikda hal etish imkonini berdi. Buning zamirida albatta, ikki do‘st xalqning porloq kelajagi uchun, ertasi bugungidan-da farovon bo‘lishi uchun qilinayotgan ezgu maqsad mujassam.
O‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch, o‘xshash an’analar birlashtirib turadi. Bu ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan. Bizni ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq deyishadi. Shoir aytganidek:
Ikkiga bo‘lingan bitta butunman,
Bir ona qo‘lidagi ikki tugunman.
Bir Vatan, bir uyga, bir xonadonga,
Poydevor o‘zimman, o‘zim to‘sinman.
Xalqimizning yaqinligiga ulug‘ mutafakkirlar Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik poydevor vazifasini o‘taydi. Azaldan Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Abu Mahmud Xo‘jandiy kabi ko‘plab bobokalonlarimiz insoniyatning eng buyuk olimu fuzalolari qatorida e’tirof etilgan.

Bularning vorisi bo‘lish esa bugungi avlod zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Ulug‘ allomalarimizning bebaho merosini chuqur o‘rganishimiz, ayniqsa, yoshlarga o‘rgatishimiz lozim. Zero, bu bizning umumiy tariximiz. Bu bilan nafaqat faxrlanishimiz, balki unga munosib bo‘lishimiz kerak. Bu an’analarning bari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

bugungi kunda Namangan viloyatining Pop, Chust, Kosonsoy va Namangan tumanlarida 270 mingga yaqin tojik millatiga mansub aholi boshqa millatlar bilan birga tinch va totuv hayot kechirmoqda. Farzandlarimiz esa ta’lim tojik tilida olib boriladigan oltita maktabda va 10 ta tojik va o‘zbek tilida ta’lim olib boriladigan maktabda saboq oladi. Tumanlar hokimliklarining ijtimoiy-siyosiy gazetalarida esa tojik tilida tashkil etilgan maxsus sahifalar orqali muntazam maqolalar berib boriladi.
Prezidentimizning 2019 yil 15 noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida ko‘pmillatli bizning viloyatda ham bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, rus, koreys, tojik va qirg‘iz milliy madaniy markazlari faoliyati uchun Namangan shahrining Davlatobod tumanida “Do‘stlik uyi” tashkil etilgan. Mazkur ikki qavatli zamonaviy binoda har bir markazga alohida xonalar ajratilib, eng so‘nggi rusumdagi jihozlar, kompyuter jamlanmalari, televizor hamda markazlarning milliyligiga xos cholg‘u asboblari bilan ta’minlangan.

Bundan tashqari, har bir markazning o‘z kitob javoni mavjud bo‘lib, 200 tadan ortiq turli tillarda nashr etilgan badiiy va siyosiy adabiyotlar bilan boyitilgan.
O‘tkaziladigan barcha tadbirlarda milliy madaniy markaz vakillari o‘zlarining milliy urf-odatlari ifoda etilgan san’at, madaniyat va hunarmandchilik yo‘nalishidagi ijodiy ishlari va dasturlari, ko‘rgazmalari bilan ishtirok etadi.
Poytaxtimizda o‘tkazilgan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” do‘stlik festivalida turli nominatsiyalar g‘oliblari orasida viloyatimiz vakili, chustlik tojik qizi, do‘ppido‘z-hunarmand Dilrabo Mo‘minovaning ham borligi e’tirofga sazovor. U festivalning “Xalq amaliy san’ati sohasida erishgan yutuqlari uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi va tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi.

Milliy madaniy markazlar faollari viloyatimizning ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shganliklari, jamoat ishlaridagi faol ishtiroklari, millatlararo munosabatlarni rivojlantirish borasidagi samarali xizmatlari uchun davlat tomonidan rag‘batlantirib kelinmoqda.
Jumladan, Prezident farmoni bilan viloyat Tojik milliy madaniy markazi raisi Abdusattor G‘afurov “Do‘stlik” ordeni, “Mehnat faxriysi” hamda Mustaqillikning 1, 20, 25 yilligi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Shu markaz faoli Anvarxon Murodov esa “Shuhrat” medaliga munosib ko‘rildi.