Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbek va tojik bir daryodan suv ichayotgan xalqlar!
11:38 / 2024-04-19

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi millatlararo munosabat yana bir pog‘ona ko‘tarildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi. Fursatdan foydalanib, ikki birodar xalqning o‘xshash hayoti, bir xil madaniyati, mushtarak urf-odatlarini yodga olish o‘rinli…

O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh yagona davlat, mintaqada mavqei o‘zgacha. Respublikadagi yangilanish va islohotlar nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyoga ta’sir ko‘rsatishi tayin. Hech kimga sir emas, geografiya, demografiya va iqtisodiy salohiyati bilan o‘lkamiz mintaqa yuragi sifatida tan olingan.

O‘zbek va tojik ikki qondosh, qarindosh xalq. Ikki el bir-biri bilan qadimdan yaqin do‘st, hamkor, qo‘shni va madadkor. Millatimiz ijtimoiy kelib chiqishi jihatidan O‘zbekistonning tub xalqi hisoblanadi, aholining 80-82 foizini tashkil etadi. O‘zbeklar butun Markaziy Osiyo bo‘ylab, xususan Tojikiston shimoli va g‘arbida ham yashaydi.

Tojiklar – Markaziy Osiyodagi qadimiy xalqlardan biri bo‘lib, asosan Tojikistonda, shuningdek O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ham ko‘pchilik. O‘zbek va tojik qadim-qadimdan birga hayot kechirgan, dehqonchilik va chorvachilik, hunarmandlik va savdo-sotiq bilan shug‘ullanib, tirikchilik qilib kelgan.

Tarixan o‘troq millat sifatida shakillangan bu ikki elning zehni, dunyoqarashi, fikrlashi, hayot tarzi va urf-odati, an’analari bir-biriga juda yaqin. Shuning uchun ham hech qachon o‘zaro jiddiy nizo, kelishmovchilik bo‘lmagan, bo‘lmasin ham.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan oqilona siyosat natijasida barcha qardosh millatlar qatori o‘zbeklar va tojiklar orasidagi yaqinlik yanada mustahkamlandi, ko‘plab sohalardagi hamkorlik yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqa izchil rivojlandi. Har ikki davlatda qo‘shma korxonalar soni muntazam ortmoqda. Sheriklik savdo-sotiq, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati kabi ko‘plab muhim sohalarni qamrab olgan.

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida tovar ayirboshlash miqdori 3 barobar oshib, 2023-yil 750 million dollarga yetdi, yil boshidan buyon yana 40 foiz ko‘tarildi. Shu bilan birga ikki mamlakat iqtisodiyoti, salohiyatini hisobga olgan holda, yaqin yillarda o‘zaro mahsulot va xizmat aylanmasi qiymatini 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi, ulkan maqsadlar e’lon qilindi.

2018-yil “O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining o‘zaro safarlari to‘g‘risida”gi bitim imzolangan. Mamlakatlarimiz o‘zaro viza tartibini bekor qilishi tarixiy voqeadir. 9 ta nazorat o‘tkazish manzili ochilishi ikki xalq oddiy vakillarining cheksiz quvonchi, minnatdorligiga sabab bo‘ldi.

Yillar davomida to‘plangan og‘riqli masalalar hal etildi. Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisi bilan bir uchrashuvida shunday degandi: “O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini birodarlikning o‘ziga xos rishtalari bog‘lab turadi. Asrlar mobaynida yonma-yon yashab, ular tarixiy ma’naviy ildizlar, madaniyat, an’anaviy odatlar uyg‘unligi bilan bog‘langan. Ularni bir-biridan ayri holda tasavvur qilishning o‘zi ko‘ngilni xira qiladi”.

Respublikamizda barcha millat va elatlar qatori, tojik madaniyati rivojiga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Hozir Tojikistonda ham ko‘plab o‘zbeklar istiqomat qilib, qardosh yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular orasida taniqli olim va tadbirkor, fermer, muallim va shifokor, turli darajadagi rahbarlar bor.

O‘zbeklar va tojiklarga tabiatan tantilik, himmat, to‘g‘ri so‘zlik, mehmondo‘stlik va mardlik xos, ularda mehnatsevarlik, halollik uyg‘unlashib ketgan. Bu fazilatlar madaniyatimiz bir-biriga juda yaqinligining dalili.

O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalari o‘rtasidagi yaqinlik, o‘zaro hamkorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasini barqaror rivojlantirishga qo‘shilgan ulkan hissadir.

Mamlakatlarimiz hamkorligi har tomonlama rivojlanib, strategik sheriklikdan ittifoqchilik darajasiga chiqdi. Ikki va ko‘p tomonlama munosabatda vujudga kelgan va muntazam rivojlanib borayotgan tendensiyalar iqtisodiy hamkorlikda sanoat kooperatsiyasi, parlament va madaniy-gumanitar sohalarda xalq diplomatiyasini shakllantirdi.

Do‘stigimiz abadiy bo‘lsin!

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA