English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek va qozoq – azaliy do‘st va qardosh millatdir
14:27 / 2022-06-10

Xabaringiz bor shu kunlarda O‘zbekiston Qozoq milliy madaniyat markazining 30 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda turkum tadbirlar tashkil etilmoqda.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi faoliyati qozoq xalqining madaniy merosi, an’analari, urf-odatlari va ona tilini yanada rivojlantirish va asrab-avaylash, boshqa milliy madaniy markazlar bilan hamkorlik qilish, millatlararo totuvlik, tinchlik va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Yubiley munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlarining ikkinchi kuni ham qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Dastur doirasida, joriy yilning 10 iyun kuni Toshkentdagi Abay Qo‘nonboyev haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qozoq klassik adabiyotining asoschilaridan biri, buyuk shoir va ma’rifatparvar Abay Qo‘nonboyev o‘z davrining ilg‘or g‘oyali ziyolisi bo‘lgan. Abay ma’rifatparvarlik harakatiga boshchilik qilib, xalqni savodxon qilish, ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilgan.

Tadbirda ushbu yodgorlik qardosh qozoq xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga bo‘lgan ulkan hurmati va ishonchining yorqin ifodasi ekanligi qayd etildi. Buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do‘stlik kuychisi Abay Qo‘nonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda.

So‘ng Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Qozog‘iston delegatsiyasi rahbari “Vatandoshlar” jamoat fondi prezidenti Abzal Saparbekov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash va ularga amaliy ko‘mak berish masalalari xususida fikr yuritildi.
Tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, xalqlarimiz orasidagi birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, O‘zbekistondagi qozoq milliy madaniyat markazi faoliyatini yanada takomillashtirish borasida fikr mulohazalar bildirildi.

Yubiley doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Qozog‘iston delegatsiyasi a’zolarining Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbanov bilan uchrashuvi ham  do‘stona va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi. Qo‘mita raisi mamlakatimizda milliy madaniy markazlarga yaratilgan sharoitlar va Qo‘mita faoliyati haqida ma’lumot berdi.

- Qadimdan bir-birlariga qavm-qarindosh, dili, tili va dini bir bo‘lgan, bir daryodan suv ichgan o‘zbek xalqi bilan azaliy do‘stligimiz, o‘rtamizdagi iqtisodiy-ijtimoiy, adabiy-madaniy aloqalarimiz yildan-yilga rivojlanib kelmoqda, - deydi “Otandastar”  fondi loyihalar sho‘’basi koordinatori Qalibek Qoblandin. -  bugungi bayram nafaqat qozoq xalqi uchun, balki o‘zbeklar uchun ham muhim sana. Bayram munosabati bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilganligiga guvoh bo‘lyapmiz. O‘zbekistonda turli millatga mansub ko‘plab xalqlar ahil-inoq yashab kelmoqda. Do‘stona aloqalarimiz asrlar mobaynida davom etib kelmoqda. Qo‘mita raisi bilan bo‘lib o‘tgan samimiy uchrashuvda bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishga kelishib oldik.  


Go‘zal Sattorova, O‘zA