Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek va belarus kinoijodkorlari hamkorlikni yangi loyihalar asosida mustahkamlamoqchi
15:17 / 2022-05-11

Kinochilar uyida O‘zbekiston kinoijodkorlari tomonidan «Belarusfilm» kinostudiyasi bilan hamkorlikda ko-produksiya formatida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Belarus  Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich, «Belarusfilm» kinostudiyasi direktori Vladimir Karachevskiy va  boshqalar ikki davlat o‘rtasidagi  aloqalar kino sanoati ravnaqida hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.  

Xususan, tadbirda kinoijodkorlarning so‘nggi uch yildagi hamkorlik yakunlari sarhisobida «Belarusfilm» kinostudiyasi ko‘magida Xilol Nasimovning «Meros», Jahongir Ahmedovning «Ilhaq», Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori” filmlari suratga olingani haqida so‘z bordi. 

Aytish joizki, o‘tgan yili Minskda bo‘lib o‘tgan «Listapad» festivalida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati va «Belarusfilm» kinostudiyasi o‘rtasida yangi loyiha – “Osiyo arsloni” filmini ishga tushirish bo‘yicha memorandum imzolangan edi. Filmda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, urushda razvedkachi-partizan sifatida ishtirok etgan Mamadali Topvoldiyev (partizanlar uni «Kazbek» deb atashgan) haqida hikoya qilinadi. Film “Men terrorchi emasman” filmi bilan tanilgan yosh rejissyor Muhammadali Iskandarov tomonidan suratga olinadi. 

Tadbirda «Belarusfilm» ko‘magida yaratilayotgan «Uzbechka» filmini suratga olish jarayoni muhokama qilindi. Film o‘zbek mergan qizi, afsonaviy Zebo G‘aniyevaning obrazi  asosida yaratilmoqda. Qahramon timsolida Ikkinchi jahon urushi frontlarida qatnashgan O‘zbekiston ayollarining jasorati va matonati mujassam etiladi. 

Shuningdek, yangi loyihalar, jumladan, Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonda yashab ijod qilgan belarus shoiri Yakub Kolas haqida film suratga olinishi e’lon qilindi.  Kinokartina yozuvchining 140 yilligiga bag‘ishlanadi. 

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyihalar bo‘yicha memorandum imzolandi. 


O‘zA