Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek-turkman rishtalari yanada mustahkamlanadi
17:56 / 2025-11-24

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, deputatlar Turkmaniston Prezidenti S.Berdimuhamedovning mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashini qayd etdi.

“Shovot–Toshhovuz” qo‘shma chegaraoldi savdo zonasi ikki xalq o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi, savdo maydoni ikki tomon mahsulotlari uchun yangi bozorlar ochayotgani e’tirof etildi.  

Ta’kidlanganidek, Savdo zonasi infratuzilmasining zamonaviy tarzda tashkil etilgani, bojxona, veterinariya, fitosanitariya va bank xizmatlarining bir joyda jamlanishi tadbirkorlar uchun keng imkoniyat yaratadi. Bu esa tovar aylanmasini tezlashtirib, tadbirkorlik faoliyatini yengillashtirish, shaffoflik va qulaylikni ta’minlashga xizmat qiladi.  

Yangi postning texnik jihatdan to‘liq jihozlangani bojxona nazorati samaradorligini yanada oshirishi shubhasiz.

Yig‘ilishda mazkur loyiha nafaqat ikki qo‘shni mamlakat, balki qo‘shma hamkorlikdan manfaatdor bo‘lgan xorijlik investorlar uchun ham muhim savdo nuqtasiga aylanishiga ishonch bildirildi.  

Qayd etilganidek, mazkur maskanning ochilishi mintaqada yangi iqtisodiy manzillar, qo‘shma loyihalar va investitsiya oqimlarining kengayishiga zamin yaratadi. Eng muhimi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va birodarlik ruhini yanada kuchaytirdi.

M.Komilova, O‘zA