Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek-tojik xalqlarining do‘stona munosabatida yangi sahifa ochildi
13:35 / 2021-06-12

Quyosh havoni isitar, do‘st – qalbni, deydi xalqimiz.

Bu maqol o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi iliq munosabatlarga nisbat berib aytilgandek jaranglaydi bugun.  

Darhaqiqat, azaldan bir daryodan suv ichib, quda-anda bo‘lib yashagan xalqalarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarining yangicha ruhda mustahkamlanib borayotgani barchamiz uchun faxrli hodisadir. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Chunki, o‘zbek va tojik xalqi – tarixi bir, taqdirdosh, tutumi o‘xshash el. Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ish boshlagan ilk kunlardanoq ana shu qadrli munosabatlarni mustahkamlashga kirishdi.

Gap shu haqda ketar ekan, ikki mamlakat yetakchilarining sa’y-harakatlari bilan keyingi 3-4 yilda amalga oshirilgan ishlarni ham yodga olish o‘rinli. Jumladan, 2017 yilda “Toshkent-Dushanbe” aviaqatnovlari qayta yo‘lga qo‘yildi, “G‘alaba-Amuzang” temir yo‘li barpo etildi, “Samarqand-Panjikent” xalqaro yo‘li ochildi, ikki davlat chegarasida 10 ta nazorat punkti ish boshladi. 2018 yili davlatimiz rahbarining Tojikistonga tashrifi o‘zbek-tojik xalqlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnilik, do‘stlik, birodarlik va o‘zaro strategik sheriklik sohalaridagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Bularning barchasi mamlakatlarimiz va birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy voqelik sifatida qayd etiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 10-11 iyun kunlari Tojikistonga rasmiy tashrifi esa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichda rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining qo‘shni mamlakatga bu galgi tashrifi har qachongidan ham samarali bo‘ldi. Bu energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, tog‘-kon va yengil sanoat, fan, ta’lim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35 ta hujjat imzolanganida ham ko‘zga tashlanadi.

Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish borasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish muhim ekani qayd etildi.

Albatta, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi doirasida hamkorlikni rivojlantirish juda muhim. Bundan tashqari tashrif doirasida gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarni mustahkamlash borasida ham fikr almashilgani va aniq takliflar qo‘llab-quvvatlangani quvonarlidir.

Bu ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga turtki beradi. Qolaversa, O‘zbekiston va Tojikiston tumanlarini va qardosh xalqlarni o‘zaro “bog‘lash” uchun muhim asos bo‘ladi.

Tojikistonda O‘zbekiston Prezidentini juda hurmat qilishadi. Bunga sabab nima? Chunki aynan Shavkat Mirziyoyev xalqlarimizning bir muddat cheklangan mehr rishtalarini qayta tiklashga erishdi.  

Shu bois, Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevni Tojikistonning yuksak mukofoti – I darajali “Zarrintoj” ordeni bilan mukofotladi. Bu davlatimiz rahbarining ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari e’tirofi bo‘ldi.

Bundan tashqari, Tojikiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni tiklashdagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berib, “Ilgari to‘planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo‘larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida hal bo‘lmagan masala qolmadi, o‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va “arxitektori” hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev”, deya ta’kidlagani biz uchun ham, tojik xalqi uchun ham g‘oyat faxrli e’tirof bo‘ldi.

O‘z o‘rnida, mamlakatimizda barcha millat va elatlar qatori, tojik madaniyatini saqlash va rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonda 1 million 600 mingdan ziyod tojik millatiga mansub aholi yashaydi. Ular orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, o‘qituvchi va shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor. Barchasi yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Mamlakatimizda keyingi yillarning o‘zida tojik millatiga mansub 130 fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor  bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda barcha millatlar qatori tojik xalqiga ham yuksak e’tibor qaratilayotgani, sharoit va imkoniyatlar barobar ekanini namoyon etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning Tojikistonga rasmiy tashrifi azaliy do‘st xalqlarimiz o‘rtasidagi samimiy munosabatlarni yangicha ruhda, yangi bosqichda davom ettirish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi.

Mahmudjon BOLTABOEV,

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya

va sport universiteti rektori