Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek-tojik do‘stligi azaliy va abadiy
15:17 / 2022-06-01

Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘ndan ortiq milliy madaniyat markazlari qatori tojik va tojikzabonlar markazining ham o‘z o‘rni bor.

Samarqandda yashovchi tojiklar va tojik tilida so‘zlashuvchi aholining milliy an’ana va qadriyatlari, urf-odat va marosimlarini asrab-avaylash va davom ettirishlariga ko‘maklashish, madaniyat, adabiyot, san’at va boshqa yo‘nalishlarda ish olib borish markaz faoliyatining asosini tashkil etadi. 

– Aslida, o‘zbek va tojik xalqlari boshqa tilda gaplashsada urf-odat va an’analarimiz, madaniyat va san’atimiz, turmush tarzimiz deyarli bir xil, – deydi Samarqand viloyati tojik va tojikzabonlar milliy madaniyat markazi rahbari Akbar Mahmudov. – Adabiyotimiz ildizlari ham azaldan mushtarak bo‘lib kelgan. Navoiy va Jomiyning bu boradagi xizmatlari hamon ikki xalq adabiyotini, adabiy aloqalarini mustahkamlab turibdi. 

Keyingi yillarda c va Tojikiston Prezidentlarining do‘stona munosabatlari, bir daryodan suv ichib kelayotgan o‘zbek va tojik xalqlarining xohish-istaklariga mos oqilona siyosatlari tufayli bu aloqalar yanada rivojlanmoqda. Biz ham bunga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz. Bu haqda gapirganda, keyingi yillarda markazimiz tashabbusi bilan “Saodati do‘sti”, “Ayniyshunoslik Samarqandda”, “Si guftor az si tor”, “Armug‘on”, “Subh ba xayr” nomli she’riy-publitsistik kitoblar chop qilinganini alohida ta’kidlashni istardim. 

O‘tgan yil Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobini tojik tiliga tarjima qilish bo‘yicha loyiha bilan qatnashib, g‘olib bo‘lgandik. Yil boshida ushbu kitob “Qaydho dar hoshiyai daftar” nomi bilan nashr etilib, viloyatdagi ta’lim muassasalari, mahallalarga tarqatilmoqda. Yaqinda keng jamoatchilik ishtirokida ushbu kitob taqdimotini ham o‘tkazdik. 

Bundan tashqari bu yil Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining 40 million so‘mlik grantini qo‘lga kiritib, Navro‘z umumxalq bayrami bilan bog‘liq an’ana va qadriyatlar ifodalangan kitob tayyorlayapmiz. Nasib etsa, Mustaqillik bayramiga qadar ushbu kitobni chop etiladi. Bu yil markazimiz uchun samarali yillardan biri bo‘lmoqda. Respublika tojik milliy madaniyat markazi, Tojikiston yozuvchilar va jurnalistlar ittifoqlari bilan hamkorlikda bir qator madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazdik. Qo‘shni davlatdagi ijodiy uyushmalar vakillari kelib, Samarqanddagi ijodkorlar, tahririyatlar faoliyati bilan tanishdi, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tojik tilida ijod qilayotgan samarqandlik uch nafar ijodkor Tojikiston yozuvchilar uyushmasiga, ikki nafar jurnalist Tojikiston jurnalistlar ittifoqi a’zoligiga qabul qilindi. O‘zbek va tojik adabiyotining yetuk vakili Sadriddin Ayniy tavalludining 144 yilligini respublika milliy madaniyat markazi bilan hamkorlikda Samarqandda keng nishonladik. Shuningdek, yaqinda Tojikistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Samarqandda bo‘lib, markazimiz faoliyati bilan tanishdi. “Ovozi Samarqand” gazetasi ijodkorlari bilan uchrashdi. O‘z navbatida samarqandlik ijodkorlar ham tez-tez Tojikistonga borib, adabiy aloqalarimiz rivojiga hissa qo‘shmoqda. 

bugungi kunda Samarqand va Tojikistonning Sug‘d viloyatlari o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan aloqalar o‘rnatilgan. Har yili ushbu viloyatlarda biznes forumlar, madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Sug‘d viloyati rahbariyati taklifiga ko‘ra, shu yilning 15 aprel kuni samarqandlik bir guruh faollar Panjikent shahrida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami tantanalarida ishtirok etdik. Joriy yilda Samarqand va Xo‘jand shaharlarida ikki viloyat kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar albatta, o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan tashriflari esa bu aloqalar poydevorini mustahkamlashi shubhasiz. 

 

G‘.HASANOV, 
A.ISROILOV (surat), O‘zA