Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Davlat tili to‘g‘risida” gi Qonun qabul qilinganining 36 yilligi hamda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev ishtirokchilarni O‘zbek tili bayrami hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, til bu xalqning tarixi, urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan bebaho xazinasidir. Qolaversa, tilning saqlanishi xalqning taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Shuning uchun ham so‘nggi yillarda o‘zbek va qoraqalpoq tillarini yanada rivojlantirishga, uning xalqaro maydondagi obro‘sini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Ana shunday ezgu ishlar natijasida bu borada qabul qilingan Qonun, farmon va qarorlar davlat tilining nufuzi va mavqeini yuksaltirishga mustahkam zamin bo‘lmoqda. Atoqli adiblarimiz nomidagi ijod maktablarida yoshlarimiz o‘zbek va qoraqalpoq tili, qolaversa, milliy adabiyotimiz sirlarini chuqur o‘rganmoqda. Shuningdek, o‘tgan davr ichida nashr etilgan adabiy kitoblar, qo‘llanmalar, ensiklopediya va lug‘atlar davlat tilimizni yanada boyitish va uni sof holda kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, Adiblar xiyobonida bunyod etilgan yodgorlik majmualari badiiy adabiyotimizning buyuk siymolari, o‘zbek va qoraqalpoq tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bo‘lgan chuqur ehtirom ramzidir.
Albatta, olib borilayotgan shunday tadbirlar natijasida davlat tilimizning xalqaro maydondagi nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan jahonning ko‘plab oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili fani o‘qitilayotgani, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan xorijiy olimlar soni yil sayin ko‘payib borayotgani, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgani, davlat tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, shuningdek, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda yangrayotgani qalbimizni fax-iftixorga to‘ldiradi.
Bayram arafasida Prezidentimiz tomonidan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilingani bu boradagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
[gallery-25849]
Xususan, ushbu qaror bilan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanishga erishish, ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, sofligini saqlash va lug‘atimiz boyligini muntazam oshirib borish, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning davlat tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish kabi qator muhim vazifalar belgilab olingan. Tadbirda san’at ustalarining konsert dasturi ham namoyish etildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA