O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi tasdiqlandi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
2026 yildan boshlab:
a) ta’lim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodi yaratiladi;
b) maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqiladi;
v) maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar uchun "Mening ilk izohli lug‘atcham" rasmli lug‘at kitobi yaratiladi;
g) bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishi tashkil etiladi.
O‘zA