Samarqand shahrining Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov tadbir qatnashchilarini o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi bilan tabriklab, til nafaqat muomala vositasi, balki har bir xalq, millatning mavjudligini namoyon etuvchi muhim belgilaridan biri ekanligini ta’kidladi. Prezidentimiz tomonidan kuni kecha qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorda belgilangan vazifalar va ularning amalga oshirilishi ona tilimizning davlat tili sifatidagi mavqei va maqomini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tili va madaniyati instituti professori, filologiya fanlari doktori Shavkat Mahammadiyev o‘zbek tilining dunyo tillari orasida tutgan o‘rni, ona tilimizning lug‘at boyligi va jozibadorligi haqida so‘z yuritdi.
– 2021 yilda Samarqandga kelib ish boshlaganimdanoq o‘zbek tilini o‘rganishga kirishganman, – dedi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Chidem Turkyilmaz xonim. – Buni ilmiy ehtiyoj uchun emas, shu yerda yashab, universitet jamoasi, talabalar va mahalliy aholi bilan erkin muloqot qilish uchun zarurat o‘laroq o‘rgandim. Aslida turk va o‘zbek tillari turkiy tillar oilasiga mansub va o‘rganish oson. Buyuk o‘zbek mutafakkiri Alisher Navoiy aytganidek, tilga e’tibor – elga e’tibordir. Men o‘zbek xalqini hurmat qilganim uchun ham bu tilni o‘rgandim.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, ijodkorlar, talabalar, turli millatga mansub yoshlar o‘zbek tili haqida she’rlar o‘qidi.
[gallery-25827]
Samarqand viloyati va shahar hokimligi, ta’lim muassasalari, ijodiy uyushmalar tomonidan bog‘ markazidagi hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Shundan so‘ng viloyatdagi ta’lim muassasalari, madaniyat va san’at maktablari hamda boshqa tashkilotlarda o‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar, anjuman va davra suhbatlari o‘tkazildi. Viloyat musiqali drama teatrida konsert dasturi namoyish etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari