French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tiliga hurmat va e’tibor yanada kuchaymoqda
16:03 / 2025-10-21

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xiyobonida “O‘zbek tili – barchamizni birlashtirgan kuchdir” shiori ostida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Jizzax viloyati va shahar hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, keng jamotchilik vakillari,  turli korxona va muassasalarning rahbarlari, ta’lim muassasalarining o‘qituvchi va talabalari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqanlar yurtimizda davlat tilining maqomi, uning ijtimoiy hayotdagi roli va unga bo‘lgan e’tibor xususida atroflicha to‘xtalib o‘tishdi.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020, 2023 yillarda  BMT Bosh Assambleyasining 75, 78-sessiyalarida hamda xalqaro darajadagi bir qator uchrashuvlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlagani milliy tilimiz nufuzining jahon miqyosida oshishiga xizmat qilgani alohida qayd etildi.

Tadbir davomida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning “Tilga e’tibor – elga e’tibor” degan purma’no so‘zlari asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan til siyosati, uning huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy asoslari haqida fikrlar bildirildi.

– Davlat tili sifatida o‘zbek tili nafaqat rasmiy hujjatlarda, balki barcha jamiyat jabhalarida tobora kengroq faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu tilimizga bo‘lgan mehr va ehtirom natijasidir. Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar ta’lim, OAV, diplomatiya va ilm-fan sohalarida o‘zbek tilining o‘rnini yanada mustahkamlamoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida tilga bo‘lgan iftixor kuchayib, til madaniyatiga jiddiy e’tibor qaratilayotgani quvonarli holdir, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim haykallari poyiga gulchambarlar qo‘yib, ona tilimizni ulug‘lash borasidagi ezgu an’analarga o‘zlarining hurmat va ehtiromlarini ko‘rsatishdi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA