Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tiliga e’tiborli bo‘lishda jurnalist ham mas’ul
12:04 / 2022-10-20

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Jurnalistning til boyligi yoki tahrirga ehtiyoj bormi...” mavzucida davra suhbati tashkil etildi.

Unda ommaviy axborot vositalarining bosh muharrirlari, jurnalist kadrlar yetishtiruvchi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi-professorlari, tilshunos-olimlar, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, uyushma va uning  qoshidagi ijodiy kengashlar mas’ullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

Tadbirda aytilganidek, Prezidentimizning “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” ijrosi doirasida yurtimizda “Til millat ko‘zgusi” mavzuida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.  

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov  davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari ijrosi doirasida yurtimizda davlat tilini rivojlantirish, uni boyitish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga,  jurnalistlarning til qoidalariga rioya qilishi, ularning so‘z boyligi o‘ta yuqori bo‘lishi, to‘g‘ri tahrir qila olishi muhimligi alohida  qayd etildi.  

Uyushma axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda 50 milliondan ortiq o‘zbek istiqomat qiladi. 5 ming 600 dan ko‘proq tillar mavjud. Shundan 200 tasi davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o‘zbek tilining borligi quvonarlidir. Bu uning naqadar sof, mukammal, purma’no va jozibador ekanidan dalolat beradi.  

Davra suhbatida “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev  hamda “Tafakkur” jurnali bo‘lim mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Sultonmurod Olim ma’ruza qildi.  

Darhaqiqat, ona tilimizga hurmat, mas’uliyat, jiddiy e’tibor bilan yondoshish yangiliklar jarchisi bo‘lgan ommaviy axborot vositalari  xodimlarining ham burchidir. Shu sababli  faoliyati va yo‘nalish turidan qat’i nazar, matnga savodli, e’tiborli, katta mas’uliyat bilan yondoshish muhim ahamiyat kasb etadi.  

Ochiq va erkin muloqot tarzida o‘tgan tadbir savol-javob, mulohaza va muzokaralarga boy bo‘ldi.  

N.Usmonova, O‘zA