Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tiliga bo‘lgan mehr diktantlar tanlovida sinovdan o‘tdi
20:49 / 2025-10-21

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi hamda 21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universitetida “Ona tilimizning istiqboli: taraqqiyot, tafakkur va texnologiyalar asrida” mavzusida talaba-yoshlar o‘rtasida ommaviy diktant tanlovi o‘tkazildi.

Tanlovda universitetning turli fakultetlaridan yuzlab talabalar faol ishtirok etdilar. Diktant matni zamonaviy tafakkur va texnologiyalar asrida ona tilimizning tutgan o‘rni va istiqboliga bag‘ishlanib, ishtirokchilarga til boyligimizni chuqur anglash va uni to‘g‘ri qo‘llash imkonini berdi.

Mazkur tanlov bir nechta muhim maqsad va vazifalarni qamrab oldi. Xususan, talabalar orasida savodxonlik va yozma nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish, ona tiliga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlash, shu bilan birga davlat tilining ijtimoiy hayotdagi nufuzini oshirishga xizmat qildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, quyidagi talabalar g‘oliblikka munosib deb topildilar:

1-o‘rin – Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi Jahongirova Mohina Javlon qizi;

2-o‘rin – Xorijiy filologiya fakulteti talabasi Saidova Muslima Xisrav qizi;

3-o‘rin – Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi Fayzullayev Doniyor Sirojiddin o‘g‘li.

Bu kabi tadbirlar yoshlar ongida ona tiliga bo‘lgan mehr va ehtiromni mustahkamlaydi, ularda to‘g‘ri yozish, to‘g‘ri so‘zlash hamda tilning jozibasini his etish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Darhaqiqat, ona tilini ardoqlagan yurtda ma’naviyat baland, kelajak esa yorug‘ bo‘ladi.

Nigora Rahmonova, O‘zA