French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tiliga bag‘ishlandi
12:38 / 2025-10-18

Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida 21-oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan "O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli!" shiori ostida keng miqyosli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda shahar hokimi Niyoz Hazratqulov, viloyat hokimining maslahatchisi Gʻaybulla Yusupov, korxona va tashkilot rahbarlari, ustozlar, nuroniylar, faol yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Bayram marosimi shahar markazidagi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qoʻyish bilan boshlandi. Ishtirokchilar ulugʻ shoir va davlat arbobining ona tili rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi haqida toʻxtalib, uning “Tilga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlmoqlik — jonga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlmoqlikdir” degan fikrini hayot mezoni sifatida taʼkidladilar.

Shundan soʻng, Yoshlar markazida bayramning badiiy qismi boʻlib oʻtdi. Tadbirni ochib bergan shahar hokimi Niyoz Hazratqulov ishtirokchilarni samimiy tabriklab, oʻzbek tilining siyosiy-huquqiy va maʼnaviy ahamiyati, shuningdek, uning millat birdamligini mustahkamlashdagi oʻrni haqida soʻz yuritib, jumladan shunday dedi:

– Oʻzbek tili — xalqimizning milliy oʻzligini, mustaqil davlatchiligimizni ifoda etuvchi bebaho maʼnaviy boylik va buyuk qadriyatdir. Bugun ona tilimizning nufuzi yuksalib, xalqaro maydonlarda baralla yangrayotgani barchamiz uchun faxr va gʻurur manbaidir.

Tadbir davomida shahar Madaniyat boʻlimi xonandalari ona tilimizni ulugʻlovchi qoʻshiqlar aytishdi, shoirlar sheʼrlar oʻqishdi, sahnaviy koʻrinishlar ijro etildi.

Yoshlar ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma hamda “Ona tilim — gʻururim” deb nomlangan badiiy kompozitsiya ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Maʼnaviyat va milliy iftixor ruhi bilan yoʻgʻrilgan ushbu bayram tadbiri ona tilimizga boʻlgan hurmat va sadoqatni yanada mustahkamlab, yoshlarda tilga muhabbat, vatanparvarlik va milliy gʻurur tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qildi.

Tadbir yakunida faol yoshlar hamda til bayramiga munosib hissa qoʻshganlar shahar hokimligi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Gʻulom Primov, OʻzA muxbiri